O’zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti olimlari tomonidan “Ulugʼbek Ziji” yoki “Ziji jadidi Guragoniy” ilk bor oʼzbek, rus, ingliz va xitoy tillarida nashr etildi.
Kitob XV asrning buyuk astronomik asari boʼlib, Аmir Temurning nabirasi, Movarounnahr sultoni Mirzo Ulugʼbek (1394-1449) boshchiligidagi bir guruh olimlar tomonidan yaratilgan.
Аsar toʼrt qismdan iborat boʼlib, birinchisida xronologiya va taqvimlar, turli xalqlarning yil hisobi, ikkinchi qismda sferik astronomiya va matematik geografiya masalalari hamda matematik va geografik jadvallar berilgan. Uchinchi qism sayyoralar harakati va yulduz astronomiyasiga bagʼishlangan boʼlib, unda 1014 ta yulduzning katalogi keltirilgan. Toʼrtinchi qism astrologiya, yaʼni munajjimlar bashorati tavsifiga oid.