O始rta Osiyo xalqlari tomonidan yaratilgan madaniy meros namunalari orasida qoyatoshlardagi rasmlar eng qimmatli manbalar hisoblanib, ular toshga yozilgan tarixiy san始at asarlaridir. Bugungi kunda Markaziy Osiyo mintaqasida 1300 dan ziyod qoyatosh suratlarining manzillari aniqlangan va hisobga olingan. Ularning 250 ga yaqini O始zbekistonda joylashgan. Lekin shunday bo始lsada, Markaziy Osiyoda topilgan qoyatosh suratlari ichida Siypantosh yodgorligi eng qadimiyligi hamda o始ziga xos tarzda hayotiy ishlanganligi bilan alohida e始tibor va e始tirofga loyiq bo始lmoqda. Yodgorlik Zarafshon tog始 tizmasi Qoratog始 tog始 bag始rida, Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi Quruqsoy qishlog始i hududida joylashgan. Siypantosh qoyatosh rasmlari dastlab 2001-yilda R.X.Sulaymonov tomonidan aniqlangan.

Yodgorlik O始zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi xodimlari t.f.n. M.Xujanazarov va tadqiqotchi X.Oynazarov tomonidan qayta o始rganildi va Siypantosh atrofidan yangi qoyatosh rasmlari aniqlandi. Yangi topilmalar Siypantoshdan 400-500 m balandlikda, mahalliy aholi Oqbuloq deb nom bergan buloq atroflaridan topildi.

Shuningdek, Siypantoshdan taxminan 2-3 km shimolroqda, Xo始javulmirbaraka qabristonidan 100-150 m g始arbda ham yangi qoyatosh rasmlari aniqlandi.
Bu rasmlar toshda cho始kichlab ishlangan bo始lib, ularda odamlar, hayvonlar, o始q yoylar, turli xil geometrik belgilar aks etgan. Tadqiqotlar natijasida qoyatosh rasmlarda ko始proq tog始 echkilari aks etganligi aniqlandi. Yangi topilmalarning ikkinchi to始plami katta toshning ichida hosil bo始lgan ayvonning shipida qizil oxra bilan chizilgan. Rasmda qo始l panjalari aks etgan.

Bu topilgan qo始l panjalari rasmlari Siypantoshdagi qo始l panjalariga o始xshashligini ko始rishimiz mumkin. Siypantosh atroflaridan topilgan yangi rasmlar Siypantosh qoyatosh rasmlari qadimiy ekanligidan dalolat beradi. Shuningdek, ular qadimgi aholining mifologik va diniy dunyoqarashi, tasavvurlarini o始rganishda ilmiy manba bo始lib xizmat qiladi. Yodgorlikda tadqiqot ishlari davom ettirilmoqda.