O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi-metodik markazi olimlari tomonidan “O‘zbekiston va janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari madaniy-gumanitar munosabatlarining asosiy yo‘nalishlari” (1991-2022-yy.) nomli monografiya nashr etildi.
Monografiyada O‘zbekiston va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlarining o‘zaro munosabatlari tarixi, O‘zbekistonning mintaqa davlatlari bilan ikki va ko‘p tomonlama madaniy-gumanitar sohalarda olib borgan hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari yoritilgan va O‘zbekiston tashqi siyosatida АSEАN tashkilotiga aʼzo davlatlarining tutgan o‘rni va hamkorlik istiqbollari fanlararo yondashuv asosida ochib berilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari bilan madaniyat, sanʼat, ilm-fan va taʼlim, sport va turizm sohalaridagi hamkorlikning shakllanish tarixi, aloqalarning rivojlanish imkoniyatlari va muammolari arxiv hujjatlari va xorijiy va mahalliy manbalar asosida tahlil qilingan.