Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

FA prezidenti bilan ochiq muloqot


O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Behzod Yuldashev va vitse-prezident, akademik Baxtiyor Ibragimovlar FA Navoiy bo’limiga tashrif buyurdi va Bo‘lim jamoasi bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

B.Yuldashev kirish so‘zida so‘nggi yillarda O‘zbekistonda fan va ta'lim sohasida yuz berayotgan o‘zgarishlar, olimlar va o‘qituvchilarga, xususan, ularni moddiy rag‘batlantirishga, samarali faoliyat olib borish uchun shart-sharoitlarni yaxshilashga va jamoatchilik nufuzini oshirishga kuchaygan e'tibor haqida gapirdilar. Shuningdek, ilm-fanga o‘zini bag‘ishlashga qaror qilgan yoshlar oldida barcha eshiklar ochilganini, faqat mamlakat taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shish istagini bildirish zarurligini ta'kidladilar. Navoiy viloyatida sanoat korxonalari nisbatan ko‘p bo‘lganligi va zich joylashganligi tufayli mahalliy yosh olimlar ilmiy ishlanmalarni hayotga tatbiq etish uchun barcha imkoniyatlarga ega va bundan foydalanish kerakligiga alohida to'xtalib o'tdilar.

Fanlar akademiyasi bo‘limini ochish tanlovi Navoiy viloyatiga tushganining sabablaridan biri ham shu. 2022 yilning iyun oyida ushbu muhim sanaga besh yil bo‘ladi. O‘tgan davr mobaynida Bo‘lim tomonidan samarali ishlar amalga oshirildi, ularning natijalarini keng jamoatchilikka yetkazish kerak. Tadbir ishtirokchilari B.Yuldashevning mazkur sana arafasida Navoiy shahrida ko‘rgazma-yarmarkani o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatladilar.

So‘ngra FA Navoiy bo‘limi raisi A.Mirzayev mehmonlarga Bo‘limda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar va istiqbolli ishlanmalar to‘g‘risida ma'lumot berdi. Xususan, Bo‘limda bentonit gillari kukuni bilan qobiqlab ekish va ekinlarni bargidan o‘g‘itlar bilan oziqlantirishda bentonit gillarining 2-foizlik suspenziyasidan foydalanish innovatsion uslublari g‘o‘za nihollarining 2-3 kun oldin unib chiqib, sog‘lom va baquvvat bo‘lishi hamda hosildorlikning 10-15 foizga oshishiga yordam beradi. Ushbu innovatsion uslublar bug‘doyning “Durdona” navida sinalganda gektaridan 31,6 foizgacha qo‘shimcha hosil olishga erishildi.

Tadbirdan so‘ng B.Yuldashev va B.Ibragimovlar Bo‘lim tomonidan Nurota tumani “Umrbek” fermer xo‘jaligi bilan hamkorlikda yevrotexnologiya asosida tashkil etilgan pavlovniya plantasiyasiga tashrif buyurdilar. Bunda ko‘chatzor maydoni 1 gektar bo‘lib, parvarishxonaga 0,4 ga yer ajartilgan. Bu yerda 2022 yilning aprel oyining boshlarida 1000ta pavlovniya ko‘chati va 2000 dona qalamchalari ekildi. Ular Bolgariyaning “Paulownia BG” MChJ tomonidan bepul yuborildi, shu jumladan, transport xarajatlari ham qoplandi. Shuningdek, Qirg‘izistonlik hamkorlar, ya'ni “Qut Darak” MChJ orqali Bolgariya tomoni ko‘chatlarning normal o‘sishi va begona o‘tlar o‘sishining oldini olish uchun zarur bo‘lgan maxsus plyonkani ham yubordi. Plantasiyada tomchilatib sug‘orish tizimi o‘rnatilgan.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!