Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti xodimlari Angren platosida (Namangan viloyati Pop tumani) noyob hayvon turlarining holatini o‘rganish maqsadida ekspeditsiyani amalga oshirildi.
Ekspeditsiya davomida O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobi va Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining Qizil ro‘yxatiga kiritilgan kamyob turlar haqida ma’lumotlar to‘plandi. Hududning hozirgi ekologik holati, turlar va antropogen omillarning ta’sir darajalari to‘g‘risida dolzarb ma’lumotlar yig‘ildi. Menzbir sug‘urining yashash joylarini tekshirish davomida ushbu noyob hayvonning noqonuniy ovi (brakonerlik) alomatlari aniqlandi. Bundan tashqari, cho‘ponlarning yovvoyi hayvonlar haqidagi bilimlari, tabiatga munosabati va atrof-muhitni muhofaza qilish, Angren yassi tog‘ligida yangi muhofaza etiladigan tabiiy hududni tashkil etishga munosabati bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazildi.
Mazkur ekspeditsiya natijalari O‘zbekistonning biologik xilma-xilligini saqlab qolish va ekologik muvozanatni tiklash bo‘yicha muhim ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan hayvon turlarini himoya qilish, brakonerlikka qarshi kurashish hamda mahalliy aholining ekologik ongini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi. Shuningdek, Angren yassi tog‘ligida yangi muhofaza etiladigan tabiiy hudud tashkil etish zarurati ilmiy asoslangan holda ta’kidlandi. Ekspeditsiya “Yagona salomatlik” tamoyili asosida tabiat va inson salomatligi o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni chuqurroq anglashga xizmat qildi.