Bugungi globallashuv va jadal taraqqiyot sharoitida ilm-fan har bir davlatning barqaror rivojlanishi va raqobatbardoshligini ta’minlovchi muhim omil hisoblanadi. Shu bois Oʻzbekistonda ilmiy salohiyatni yuksaltirish, fan sohasini zamon talablari asosida rivojlantirish va innovatsion faoliyatni qoʻllab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri etib belgilangan. Mazkur jarayonda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qaror ilm-fan rivojida yangi bosqichni boshlab beruvchi muhim hujjat sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Bugun, 29-dekabr Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida Davlatimiz Rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Tadbirni Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Shavkat Ayupov olib bordi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari Hilola Umarova, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova, Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, akademik va olimlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari direktorlari va tadqiqotchilari ishtirok etdi.

Muloqot davomida mamlakatimiz ilm-fani sohasi oldiga qoʻyilgan muhim strategik maqsadlar hamda Davlatimiz Rahbarining Fanlar akademiyasi faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan qarori ijrosining ustuvor vazifalari muhokama qilindi.
.jpg)

Mazkur tarixiy qaror Oʻzbekiston ilm-fani rivojida mutlaqo yangi bosqichni boshlab berishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Unda Fanlar akademiyasi faoliyatini tubdan takomillashtirishga qaratilgan aniq istiqbolli yoʻnalishlar va samarali mexanizmlar belgilab berilgan.
Davlat taraqqiyotida ilm-fanning oʻrni beqiyos ekanini inobatga olgan holda, qarorda ilmiy-tadqiqot muassasalarining salohiyatini oshirish, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish, ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish, yosh olimlarni qoʻllab-quvvatlash hamda fan–ta’lim–ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Bu esa Fanlar akademiyasi zimmasiga yanada katta mas’uliyat yuklaydi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur qaror Fanlar akademiyasini zamon talablariga mos, raqobatbardosh va natijaga yoʻnaltirilgan yetakchi ilmiy markazga aylantirishga xizmat qiladigan muhim strategik hujjat hisoblanadi.