Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

“Suffa” radioobservatoriyasi xalqaro ilmiy tadqiqot tashkiloti aʼzolarining ilk yig‘ilishi o‘tkazildi


O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida “Suffa xalqaro radioastronomiya observatoriyasi” xalqaro ilmiy tadqiqot tashkiloti aʼzolari O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Hukumatlarining Muxtor vakillari qo‘mitasining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.

 

 

Turkiston tizmasidagi Suffa platosida, dengiz sathidan 2500-3000 metr balandlikda joylashgan O‘zbekistondagi Suffa xalqaro radioastronomiya observatoriyasida ayni paytda noyob ilmiy inshoot – RT-70 radioastronomiya majmuasi qurilishining yakuniy bosqichi davom etmoqda. Radioteleskop uchun joy qulay astroiqlim sharoitlari va radio shovqinlarning faol manbalari yo‘qligi bilan baland tog‘ tanlangan.

 

RT-70 majmuasi O‘zbekiston va Rossiya hukumati o‘rtasida 1995-yil 27-iyulda imzolangan Suffa platosida Xalqaro radioastronomiya observatoriyasini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimga muvofiq qurilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qo‘llab-quvvatlovi bilan 2018-yilda Suffa platosida Xalqaro radioastronomiya observatoriyasini tashkil etishning yangi bosqichi boshlandi.

Rossiya Federatsiyasi Fanlar akademiyasi va Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi 70 metrli diametriga ega noyob radioteleskop RT-70 kompleksini yaratish bo‘yicha yetakchi ilmiy tashkilot hisoblanadi. Ilmiy tashkilotning ustuvor vazifalaridan biri aʼzo davlatlarning milliy va xalqaro ilmiy tashkilotlari va muassasalari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik qilish maqsadida aloqalarni yo‘lga qo‘yish va qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

 

Suffa platosida barpo etilayotgan majmuaning asosiy asbobi millimetrli to‘lqinli radioteleskop ekanligini alohida taʼkidlash lozim. Radioteleskopning yana bir asosiy xususiyati uning kosmik radioteleskop bilan bir vaqtda ishlash qobiliyatidir, u Kosmosdagi radioteleskoplar bilan sinxron ishlaganda ulkan bazali radiointerferometr vazifasini ham bajaradi.

 

O‘zbekistonda RT-70 noyob radioteleskopiga ega radioastronomiya majmuasining yaratilishi uzoq va yaqin koinotda fundamental tadqiqotlarni sezilarli darajada ilgari suradi, shuningdek, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalarning bir qator amaliy muammolarini tubdan yangi bosqichda hal etishga xizmat qiladi.

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!