Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

RАSMIY MUNOSАBАT! Mirzo Ulugʻbek tumanidagi yerlar dendropark uchun ajratilmoqda


Ijtimoiy tarmoqlarda Fanlar akademiyasi tomonidan Toshkent shahrining Mirzo Ulug'bek tumanidagi yer maydonlarining hokimlik zaxirasiga o'tkazilishi yuzasidan turli xil talqinlar va asoslanmagan xabarlar tarqalmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi mazkur holat bo'yicha quyidagilarni maʼlum qiladi:
Ushbu jarayon O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martdagi “Аtmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirish boʼyicha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi PF-46-sonli Farmoni (https://lex.uz/docs/8101201) ijrosini taʼminlash maqsadida amalga oshirilmoqda.

Farmonning 21-bandi “a” kichik bandiga asosan, poytaxtimizning ekologik holatini tubdan yaxshilash maqsadida Mirzo Ulug'bek tumanidagi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti va unga tutash bo'lgan jami 250 gektar maydonda zamonaviy Dendrologiya bog'i barpo etiladi.

Farmonga muvofiq, Toshkent shahar hokimligi tomonidan yer uchastkalari belgilangan tartibda zaxiraga qaytarilib, Ekologiya qo'mitasiga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratib beriladi. Ekologiya qo'mitasi hududning tuproq-iqlim sharoitlariga mos daraxt va butalar turlarini tanlab, tegishli loyiha hujjatlarini ishlab chiqadi. Mazkur loyiha asosida hududda keng ko'lamli ko'kalamzorlashtirish ishlari amalga oshiriladi.

Shuningdek, taʼkidlash joizki, ushbu yer maydoni qurilish ishlari uchun emas, balki shahar aholisi va kelajak avlod manfaatlariga xizmat qiladigan, atmosfera havosini tozalashga qaratilgan yirik yashil massiv — dendropark tashkil etish maqsadida ajratilmoqda.
Fanlar akademiyasi jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlaridan mazkur ekologik ahamiyatga ega loyihani noto'g'ri talqin qilmasliklarini, aholi o'rtasida asossiz xavotirlar kelib chiqishiga yo'l qo'ymasliklarini so'raydi. 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!