Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

“Quyosh kollektorining issiqlik qabul qiluvchi yassi paneli” ishlab chiqildi


O’zbekiston Fanlar akademiyasi Fizika-texnika instituti olimlari tomonidan “Quyosh kollektorining issiqlik qabul qiluvchi yassi paneli” ishlab chiqildi va Oʼzbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan ixtiro muallifiga patent berildi.

Quyosh kollektori-issiqlik tashuvchisini isitish uchun quyosh energiyasini issiqlikka aylantirish uchun moʼljallangan qurilmadir. Аbsorber, quyosh kollektorining eng muhim qismi yaʼni yuragi hisoblanadi. Yassi panelni tayyorlashda va kollektorining issiqlik samaradorligini oshirishda uning materiali va selektiv qoplamasining sifatiga katta ahamiyat beriladi. Shu munosabat bilan, yuqori samaradorlikka ega, modernizatsiya qilingan, yaxlit ishlangan quyosh suv isitish kollektori uchun alyuminiy qotishmasidan kassetali absorber ishlab chiqildi.

Ixtiro geliotexnika, quyosh energiyasi vositasida suv isitish va fuqarolik, sanoat binolari hamda kommunal-maishiy obyektlarining issiqlik taʼminotida foydalanishga moʼljallangan.

Ixtironing asosiy vazifasi quyosh kollektorining issiqlik qabul qiluvchi panelini samarali ishlashini va kollektorni yigʼishda uni oson va qulay boʼlishini taʼminlashdan iborat.

Ixtiro mohiyati shundan iboratki, issiqlik qabul qiluvchi elementlar (panellar) chekkalarida joylashtirilgan qulflari bilan tayyorlangan boʼlib, bir-biriga shu qulflar orqali kiydirilib bir tekislikda yigʼilib yaxlit issiqlik qabul qiluvchi panelni tashkil etadi va gidravlik kanallari kassetali panelning koʼndalang kesimida bir tekis joylashtirilgan boʼlib issiqlik almashinish yuzasini bir necha borobar oshiradi. Issiqlik almashinish yuzasi ortishi bilan kollektorning samaradorligi ham ortadi. Panelning taram-taram boʼlgan ustki qismidagi selektiv qoplama ham qoʼshimchasiga 10-12% samaradorlikni oshirib beradi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!