Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Qang‘ jabg‘ularining poytaxtiga oid yangi dalillar aniqlandi


 Qang‘a arxeologiya yodgorligidagi shaharning bosh ibodatxonasi hududidagi qazishmada shaharning  qadimgi davrlariga oid qurilish bosqichlari aniqlandi. Madaniy qatlamladan Qang‘ hukmdorlarining rasmiy tamg‘asi tushirilgan xum og‘iz qismi topildi. Bu topilma ehtimol shaharning ma’muriy yoki diniy vazifasi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, 1990-yillar va 2025-yili aniqlangan metall yaproqlar ko‘rinishidagi temir sovut bo‘laklari hamda 2023-yilgi qazuv mavsumida ibodatxona yuqori qatlamlaridan topilgan, Qang‘ hukmdorlari tangalari birgalikda tahlil qilinganda, qadimgi Qang‘aning Qang‘ jabg‘uligining siyosiy, harbiy va diniy markazlaridan biri bo‘lganligini tasdiqlaydi. Bu uch xil topilma — tanga, tamg‘ali xum va temir sovut bo‘laklari — bir-biri bilan uzviy bog‘langan holda shahar hayotining davlatchilik, harbiy aslaha va rasm-rusum an’analari sohalarida muhim o‘rin tutganini tasdiqlash mumkin.

 

Qang‘ jabg‘uligi Turon tarixidagi muhim bosqich bo‘lib, miloddan oldingi 2-yuzyillikdan milodiy 4-yuzyillikkacha kechgan yarim ming yildan ortiq muddatda Turonning katta qismini birlashtirgan. Yunonlarning Boxtardagi hukmronligini uzil-kesil tugatilishida ular faol harakat qilganlar. Manbalar va arxeologik ma’lumotlar Qang‘ jabg‘uligi aholisi temirchilik sohasida yuqori mahoratga ega bo‘lganini ko‘rsatadi. Temirni qayta ishlash, sovutlar va qurollar yasashda dunyodagi eng ilg‘or markazlardan biri shu yerda edi. Qang‘ qo‘shinlari, xususan, «katafraktariy» tipidagi og‘ir zirhli otliqlar haqida Xitoy va g‘arb manbalarida ham ma’lumotlar uchraydi. Ular mustahkam temir sovutlar, nayza, qilich, temir bolta va o‘q-yoydan foydalanganlar. 
Qang‘ jabg‘uligida yarim ko‘chmanchilik, chorvachilik bilan birga ekin-tikinchilik, bog‘dorchilik va hunarmandchilik turmush darzi yuqori darajada rivojlangan edi. Arxeologik ma’lumotlarga ko‘ra, ular sug‘orish tizimlaridan foydalanganlar, xumlarda don, uzum va boshqa mahsulotlarni saqlaganlar, kulolchilik va temirchilik rivojlangan, yozuvda eroni-oromiy yozuv tizimini qo‘llaganlar. Xitoy manbalarining ma’lumotlariga ko‘ra, Qang‘ jabg‘uligi 120 000 oiladan, taxminan 600 000 aholidan iborat bo‘lib, 80 000 – 90 000 gacha qo‘shin tuzish imkoniga ega bo‘lgan, besh viloyatni o‘z ichiga olgan: Susyue, Fumo‘, Yuni, Szi va Ao‘szyan. Qang‘lilar Xitoy, Rum bilan savdo-diplomatik aloqalar o‘rnatgan. Chjan Szyan va boshqa elchilarning ma’lumotlarida ularda ikki markaz mavjud bo‘lgani aytilgan — qishki qarorgoh Bityan va yozgi qarorgoh. Davlat hududi juda keng bo‘lib, Talas va Chu daryolari oralig‘idan tortib, Toshkent va Sirdaryo quyi qismi, hatto Xorazmgacha yetgan. Asosiy markazlar Sirdaryo o‘rta oqimi bo‘ylarida bo‘lib, ulardan eng muhimi — Qang‘a shahri ko‘pchilik olimlar tomonidan Qang‘ jabg‘ulari poytaxti sifatida qaraladi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!