O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti olimlari Markaziy Osiyoning janubiy Pomir-Olay tog‘larida tarqalgan yangi o‘simlik – Iris anvarbekii turini kashf etdi.
Ushbu yangi tur Iris turkumi, Scorpiris ost turkumiga mansub bo‘lib Surxondaryo viloyatining Sho‘rob qishlog‘i yaqinidagi gipsli tog‘larda topildi va o‘zining o‘ziga xos morfologik xususiyatlari bilan ajralib turadi.
Iris anvarbekii I. narbutii kladiga mansub bo‘lib, I. narbutii, I. narynensis, I. rodionenkoi va I. rudolphii turlari bilan yaqin tur hisoblanadi. Biroq, u tashqi gulbarglarida (falls) binafsha rangli dog‘larning yo‘qligi, bo‘yin qismi (crest) ajralmaganligi 3.0–3.5 sm uzunlikdagi ichki gulbarglarning (standards) petaloid shakli, va binafsharangi bilan boshqa turlardan ajralib turadi. Ushbu xususiyatlar uni o‘ziga xos yangi tur sifatida tasniflashga asos bo‘ldi.
Filogenetik tahlillar (matK va trnL–trnF genlari asosida) shuni ko‘rsatdiki, Iris anvarbekii I. subg. Scorpiris subgenusiga kiradi va ammo I. narbutii dan ancha farq qilishi aniqlangan.
Yangi tur o‘zbek botanigi Anvarbek Jabbarov xotirasiga “Anvarbek gulsafsari” deb nomlandi.
Hozirda turning faqat bitta populyatsiyasi aniqlangan, taxminan 1000 ga yaqin o‘simlik tupi mavjud bo‘lib, IUCN qizil ro‘yxatiga “Ma’lumot yetarli emas” (DD) toifasida kiritilishi taklif etilgan.
Tadqiqot natijalari Nordic Journal of Botany jurnalida chop etildi (https://nsojournals.onlinelibrary.wiley.com/doi/10.1002/njb.04860).