2025-yil 17-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun respublika ilmiy-texnik salohiyatini oshirishga qaratilgan amaliy press-tur tashkil etildi. Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti tarkibida faoliyat yurituvchi “Radiopreparat” davlat muassasasida boʻlib oʻtdi.

Press-turdan koʻzlangan asosiy maqsad yadro tibbiyoti va radiofarmatsevtika sohasida joriy etilayotgan zamonaviy texnologiyalar, radioizotop va radiofarmatsevtik mahsulotlarni ishlab chiqarishning toʻliq ilmiy-ishlab chiqarish sikli, shuningdek, ilm-fan va amaliyot oʻrtasidagi hamkorlik natijalarini ommaviy axborot vositalari vakillariga keng yoritib berishdan iborat boʻldi.
Tadbir ishtirokchilari muassasada radioaktiv izotoplar, radiofarmatsevtik preparatlar, diagnostika uchun moʻljallangan faol va faol boʻlmagan toʻplamlar hamda immunoferment test-tizimlarni ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdilar. Shuningdek, mahsulot sifati, radiatsiya xavfsizligi va ishlab chiqarish jarayonlarini xalqaro GMP, ISO hamda IAEA standartlari asosida tashkil etish amaliyoti taqdim etildi.
Press-tur davomida “Radiopreparat” davlat muassasasining milliy yadro tibbiyoti infratuzilmasida tutgan oʻrni, sogʻliqni saqlash tizimini mahalliy radiofarmatsevtik mahsulotlar bilan taʼminlashdagi ahamiyati, shuningdek, eksport yoʻnalishidagi faoliyati haqida atroflicha maʼlumot berildi.


Korxona mamlakatimizning radioizotop va radiofarmatsevtika mahsulotlariga boʻlgan ichki ehtiyojini toʻliq taʼminlamoqda, shuningdek, eksport yoʻnalishini faol rivojlantirib, Oʻzbekistonning xalqaro bozordagi mavqeini mustahkamlamoqda.
Ayni paytda muassasa Rossiya, Xitoy, Turkiya, Yaponiya, Germaniya, Vengriya va boshqa Yevropa va Osiyo mamlakatlaridagi xorijiy hamkorlar bilan hamkorlik qilmoqda. Radionuklid substantsiyalari va tayyor radiofarmatsevtik preparatlarni yetakchi ilmiy markazlar, tibbiyot muassasalari va farmatsevtika kompaniyalariga toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazib berish yoʻlga qoʻyildi.
Birgina 2025-yilda 30 dan ortiq eksport shartnomalari amalga oshirildi, bu muassasa mahsulotlariga boʻlgan ishonchning yuqori darajasi va mahalliy radiofarmatsevtika texnologiyalarining raqobatbardoshligini tasdiqlaydi.
Shu bilan birga, tadbir doirasida mutaxassislar va jurnalistlar oʻrtasida ochiq muloqot oʻtkazilib, yadro tibbiyoti sohasida ilmiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish, kadrlar tayyorlash va xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur amaliy press-tur Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimida ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish, yuqori texnologiyali tibbiy mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda mamlakatning ilmiy va ishlab chiqarish salohiyatini oshirish yoʻlida muhim ahamiyat kasb etadi.