Hurmatli vatandoshlar!
Sizlarni mamlakatimizning eng ulug‘, eng aziz bayrami – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etamiz!
Ilm-fan – har qanday taraqqiyotning asosiy tayanchi hisoblanadi. Mustaqillik yillarida bu sohada tub islohotlar amalga oshirilib, ilm-fanning milliy tiklanish va taraqqiyotdagi o‘rni yanada mustahkamlandi. Ilmiy salohiyatni oshirish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash, fundamental va amaliy tadqiqotlarga keng yo‘l ochilishi – bularning barchasi Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida muhim o‘rin tutadi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi jamoasi ham bu jarayonlarning faol ishtirokchisi bo‘lib, mamlakatimiz ilm-fanini yangi bosqichga olib chiqishga, xalqimiz farovonligi va Vatan ravnaqi yo‘lida sidqidildan xizmat qilmoqda.
Aziz yurtdoshlar!
Sizlarga mustahkam sog‘liq, tinch va osoyishta hayot, oilaviy baxt, faoliyatingizda ulkan zafarlar tilaymiz. Mustaqilligimiz abadiy, osmonimiz musaffo, yurtimiz doimo tinch va farovon bo‘lsin!
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi jamoasi