Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

O‘zbek olimlari IX teriologik kongressda ishtirok etdi


Gretsiya davlatida Patra universiteti, European Mammal Foundation, Mammals Conservation Europe tomonidan tashkil etilgan IX teriologik kongressda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya institutining “Kamyob hayvonlar turlari hisobi va kadastri” laboratoriyasi xodimlari, Yelena Bykova va Alesander Yesipov ishtirok etdilar. 

 

Kongressda Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika, Osiyo va Okeaniyaning 42 mamlakatidan 260 nafar mutaxassislar qatnashdi. Kongress davomida 5 ta yalpi ma’ruza, 150 ta taqdimot va 98 ta ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi. Taqdimotlar asosan xulq-atvor ekologiyasi, tabiatni muhofaza qilish, kasalliklar va parazitlar ekologiyasi, ekologik modellashtirish, sutemizuvchilar genetikasi va genomikasi, invaziv va begona turlar, landshaft va fazoviy ekologiya, sutemizuvchilar va iqlim o‘zgarishi, sutemizuvchilarni tadqiq qilishning yangi usullari, sutemizuvchilar taksonomiyasidagi yangi tendentsiyalar, paleontologiya, populyatsiyalar dinamikasi, o‘zgaruvchan ekotizimlarda yovvoyi tabiatni qayta tiklash va boshqarish, o‘zgaruvchan dunyoda yer osti sutemizuvchilari, yo‘qolib borayotgan sutemizuvchilar turlari va shahar yo‘nalishlariga bag‘ishlandi.

Kongressdan so‘ng O‘zbekiston vakillari Ioniya dengizi suvlari bilan yuvilgan Kefaloniya orolida joylashgan Milliy tabiat bog‘ida bo‘lib, ushbu mintaqaning noyob tabiati, shu jumladan Kefaloniya archa relikt tog‘ o‘rmonlari bilan yaqindan tanishdilar, jingalak saqoqush, mayda oq qarqara va pushti flamingo kabi noyob qush turlari yashaydigan suv-botqoqliklariga hamda katta va kichik taqaburunlar Rhinolophus ferrumequinum va Rhinolophus hipposideros, o‘q quloq Myotis blythii  va uzoq barmoqli tunshapalak Myotis capaccini kabi turlar ko‘p sonda uchrovchi g‘orlarga tashrif buyurdilar.

Ma’lumot o’rnida: ushbu Yevropa teriologik kongressi har to'rt yilda bir marta doimiy ravishda o‘tkazilib kelinadi. Keyingi Kongress 2029-yilda Potsdamda (Germaniya) davlatida bo'lib o‘tishi rejalashtirilgan.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!