Eronning Tehron va Sheroz shaharlarida Eron Islom Respublikasi Madaniyat va islomiy aloqalar tashkiloti va Eronshunoslik fondi tomonidan dunyoning 22 ta mamlakatidan kelgan 50 nafar olim, tadqiqotchi va mutaxassis ishtirokida "Eronshunoslik: hozirgi Eron tadqiqotlari, madaniy diplomatiya va xalqaro hamkorlik" mavzusidagi Birinchi xalqaro eronshunoslik konferensiyasi boʼlib oʼtdi.
Mazkur xalqaro ilmiy tadbirda Ispaniya, Italiya, Gretsiya, Bolgariya, Serbiya, Xitoy, Turkiya, Malayziya, Indoneziya, Hindiston, Pokiston, Shri-Lanka, Iroq, Ummon, Qatar, Tunis, Rossiya, Аrmaniston, Gruziya, Qozogʼiston, Qirgʼiziston va Tojikiston mamlakatlari qatorida O‘zbekistondan borgan olimlar ham ishtirok etishdi.


“Eronshunoslik: tanqidiy baholash, muammolar va yondashuvlar”, “Eronshunoslik va hozirgi Eron to‘g‘risidagi tadqiqotlar”, “Eronshunoslik: madaniy diplomatiya va xalqaro hamkorlik”, “Eronshunoslik va yangi texnologiyalar”, “Eronshunoslik va turizm” hamda “Eronshunoslik: Hofiz Eron dunyosi namoyandasi” kabi yo‘nalishlarda bo‘lib o‘tgan ushbu xalqaro konferensiya doirasida Tehron universiteti, Tehrondagi Shahid Behishtiy, Аlloma Tabotaboiy hamda Fan va madaniyat universitetlari, shuningdek Sheroz universitetida turizm, fors tili, texnologiyalar, Eron maʼnaviy merosi va sivilizatsiyasi mavzulariga bag‘ishlangan maxsus sessiyalar o‘tkazildi. Konferentsiyaning yopilish marosimi Sheroz shahrida bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyadan ko‘zda tutilgan asosiy maqsadlardan biri dunyodagi turli mamlakatlar eronshunoslari o‘rtasida barqaror aloqa o‘rnatish va Xalqaro eronshunoslar assambleyasining doimiy kotibiyatini tuzish masalalarini muhokama qilishdan iborat. Konferentsiyada o‘qiladigan 100 ta maʼruza matni alohida kitob holida nashr qilinishi rejalashtirilgan.
Konferentsiyaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Tarix instituti direktori, senator Аzamat Ziyo qutlov so‘zi bilan chiqib, forscha manbalarning o‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixini o‘rganishdagi ahamiyati, Eron tamaddunining kishilik tarixidagi o‘rni, o‘zbek-eron olimlari ilmiy hamkorligini rivojlantirish masalalariga urg‘u berdi. Bundan tashqari, akademik Аzamat Ziyo konferensiyaning birinchi kuni bo‘lib o‘tgan “Eron – globalizatsiya jarayonidagi bir dunyo” mavzusidagi maxsus sessiyada “O‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixini o‘rganishda fors yozma manbalarining ahamiyati” mavzusidagi ilmiy maʼruzasi bilan ishtirok etdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Аbu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi, sharqshunos, tasavvufshunos va manbashunos olim, mohir tarjimon va jamoatchilik faoli, tarix fanlari doktori Komiljon Rahimov ham ushbu konferensiyada “Movarounnahr xattotlik maktabi va uning ayrim vakillari” mavzusida chiqish qilib, yurtimiz xattotligi tarixi va uning mashhur namoyandalari ijodi to‘g‘risidagi maʼlumotlarni xorijiy mutaxassislar eʼtiboriga havola etdi. Shuningdek, o‘zbek sharqshunosi eronlik hamkasblariga O‘rta Osiyo tarixini o‘rganishda keng ilmiy hamkorlik qilish, jumladan Eronda saqlanayotgan yurtimiz tarixiga oid ko‘plab manbalardan foydalanishda ko‘maklashishni taklif etdi.
Konferensiya ishtirokchilari, shuningdek, Eronga tashrif davomida bu mamlakatning tarixiy yodgorliklari va diqqatga sazovor joylarini ham borib ko‘rdilar. Jumladan, ular Tehron shahrida Qojorlar sulolasi (1789–1925) hukmronligi zamonida shoh saroyi vazifasini o‘tagan Guliston saroyi (XVIII–XIX a.) va Tehron zamonaviy sanʼat muzeyini tomosha qilishdi hamda Eron kitobat sanʼati instituti faoliyati bilan tanishishdi.
Qadimiy Sheroz shahrida esa mehmonlarni Eronning qadimiy va oʼrta asrlar tarixiga katta ekskursiya kutib turardi. Bu yerda ular Аhmoniylar imperiyasi poytaxtlaridan biri boʼlgan Taxti Jamshid (er. av. VI a.) shahri xarobalarini, fors klassik adabiyotining zabardast namoyandalari Saʼdiy Sheroziy (1203–1292) va Hofiz Sheroziy (1325–1388) maqbaralarini, shuningdek Qojorlar sulolasi (XVIII–XX a.) hukmronligi davriga oid Nasirulmulk saroyi va Nasirulmulk jome masjidini borib ko‘rdilar.
O‘zbek olimlarining Erondagi ushbu nufuzli ilmiy anjumanda faol ishtirok etishlari nafaqat xorijlik mutaxassislarni vatanimiz tarixi bilan yaqindan tanishtirish imkoniyatini beradi, balki bu sohada xalqaro hamkorlik qilish imkoniyatlarini ham kengaytiradi.