Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Nodir metallar, aqlli materiallar va barqaror texnologiyalar sohasida strategik ilmiy-texnik hamkorlik


2025-yil 29-may kuni Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida Materialshunoslik instituti hamda Koreya sanoat texnologiyalari instituti (KITECH) tarkibidagi Koreya Milliy nodir metallar instituti (KORAM) oʼrtasida anglashuv memorandumini imzolash marosimi boʼlib oʼtdi. Ushbu hujjat nodir metallar, aqlli materiallar va barqaror texnologiyalar sohasida strategik ilmiy-texnik hamkorlik asoslarini belgilab beradi.

Tomonlar amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish, bilimlar transferi va qoʼshma ishlanmalarni yoʼlga qoʼyish borasida oʼzaro qiziqishini tasdiqladilar. Аyniqsa, Oʼzbekistonda Fanlar akademiyasi tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil texnologiyalar vodiysi – barqaror texnologiyalar va aqlli materiallar boʼyicha xalqaro ilmiy xab” tashabbusini qoʼllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu tashabbus KORAMning global strategiyasiga toʼliq mos keladi.
Memorandum quyidagi yoʼnalishlarda hamkorlikni nazarda tutadi:
•    kamyob metallar, aqlli materiallar va ekologik toza texnologiyalar boʼyicha qoʼshma ilmiy tadqiqotlar oʼtkazish;
•    ekspertlar, olimlar va muhandis-texnik mutaxassislar almashinuvi;
•    qoʼshma konferentsiyalar, seminarlar va ilmiy maktablar tashkil etish;
•    laboratoriya infratuzilmasi, maʼlumotlar va ilmiy nashrlardan birgalikda foydalanish;
•    ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish strategiyalarini ishlab chiqish;
•    taʼlim va stajirovka dasturlarini amalga oshirish.
Hujjatda intellektual mulkka hammualliflik, moliyalashtirish mexanizmlari va qoʼshma loyihalar samaradorligini baholash boʼyicha tamoyillar belgilangan. Memorandumning amal qilish muddati — uch yil boʼlib, oʼzaro kelishuv asosida uzaytirilishi mumkin.
Ushbu kelishuvning imzolanishi Oʼzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi oʼrtasidagi ilmiy-texnik hamkorlikni mustahkamlash yoʼlidagi muhim qadam boʼlib, materialshunoslik sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash va texnologik yutuqlarga yoʼl ochadi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!