64-xalqaro gullar festivali doirasida Namangan davlat texnika universiteti va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamkorligida tashkil etilgan "Akademik va yoshlar" Kongressida Oʻzbekiston, Qirgʻiziston hamda Tojikiston Fanlar akademiyalarining 20 nafardan ortiq akademiklari, taniqli fan arboblari, respublikamizdagi oliy oʻquv yurtlari va ilmiy muassasalarining yetakchi olimlari ishtirok etmoqda.
Shuningdek, Oliy Majlis Senati aʼzolari ham Kongress mehmonlari safidan joy oldi.
Kongressning ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqovning tabrigi oʻqib eshittirildi. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov videoaloqa orqali tadbir ishtirokchilarini qutladi.
Kongress ilk kunida sessiyalar davomida akademiklarning turli ilmiy mavzulardagi maʼruzalari tinglandi. Ularda zamonaviy ilm-fanni rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Kunning ikkinchi qismida Namangan davlat texnika universiteti, Namangan davlat pedagogika instituti hamda Namangan shahridagi Prezident maktabida akademiklarning talabalar va oʻquvchilar bilan ochiq muloqotlari oʻtkazildi. Ushbu uchrashuvlar davomida yoshlar akademiklardan oʻzlarini qiziqtirgan savollarga bevosita javoblar olish va bilimlarini yanada boyitish imkoniyatiga ega boʻldi.
Kongress ishi davom etmoqda.