Ma’lumki, respublikamiz hududida joylashgan Obi-Rahmat Oʻrta Osiyodagi oʻrta paleolit davrining asosiy yodgorligi hisoblanadi. Bu qadimgi odamlarning ko‘p qatlamli ov maskanidir. Yodgorlikdagi madaniy qatlamlarning qalinligi 10 metrga yetadi va bundan 40-80 ming yil oldingi davrga tegishliligi aniqlangan.
O‘zR FA Milliy arxeologiya markazi olimlari tomonidan uzoq yillar davomida Obi-rahmat Tosh davri ungurida qazishma ishlari olib borilgan. Keyinchalik bu g‘orda rossiyalik arxeologlar bilan hamkorlikda izlanishlar davom ettirilgan. Ko‘p yillar davomida Obi-rahmat unguri qazishmalaridan qo‘lga kiritilgan tosh buyumlar 2024-yilda O‘zR FA Milliy arxeologiya markazi olimlari fransiyalik va rossiyalik arxeologlar hamkorligida qayta tahlil qilindi. Obi-rahmat tosh topilmalar orasida yoy bilan otilgan o‘qlarning uchlariga o‘xshash mayda uchburchaksiomon tosh buyumlar aniqlandi.
Bu tosh buyumlar dunyoning boshqa joylaridan topilgan tosh buyumlariga solishtirilganda haqiqatda yoy bilan otiladigan o‘qlarning uchlari ekanligi isbotlandi. Eng muhim jihati shundaki, boshqa joyda topilgan bunday buyumlarning eng qadimgilari Obi-Rahmatda topilganlaridan 25 ming yil keyinroq yasalganligi aniqlandi. Demak bugungi kunda dunyoda kishilik tarixida birinchi yoy va o‘qlarning ishlab chiqilishi, kashfiyoti O’zbekiston hududida 80 ming yil oldin amalga oshirilgani jahon olimlari tomonidan tasdiqlanmoqda va e’tirof etilmoqda.
Mazkur tadqiqot natijalari PLOS One (https://journals.plos.org/plosone/article?id=10.1371/journal.pone.0328390) jurnalida nashr etildi va olimlar tosh uchburchaklar yuzasidagi eskirish izlari, ularning shakli va boshqa xususiyatlariga asoslanib, ular yoshi taxminan 80 ming yillik o‘q uchlaridan boshqa narsa emas degan xulosaga kelishdi.
Hozirga qadar kamon va o‘q Yevrosiyoda faqat so‘nggi tosh asrida (40-12 ming yil oldin) paydo bo‘lgan, Afrikada zamonaviy odamlar o‘rta paleolitda (70-80 ming yil oldin) ov qilishgan va bu kabi topilmalar faqat Afrikadagi qadimgi aholiga xos deb hisoblanardi.
Biroq O‘zbekiston shimoli-sharqidagi Tyan-Shanning g‘arbiy etaklarida joylashgan Obi-Rahmat yodgorligida topilgan topilmalarning yangi tahlili bu fikrlarni o‘zgartiradi.
Bu Afrikadan tashqarida uzoqdan (kontaktsiz) ov qilishning eng qadimgi dalillaridan biridir. O‘q va kamondan foydalanishning boshqa qadimiy belgilari bir necha yil oldin Fransiyaning Rona vodiysidagi Mandran yodgorligida topilgan.
Obi-Rahmat yodgorligida o‘q uchlarining topilishi ajdodlarimizning uzoqdan ov qilishni o'zlashtirgan vaqtlarini sezilarli darajada orqaga suradi. Bu kashfiyot yodgorlikda neandertallarning ham, zamonaviy insonning qadimiy vakillarining ham xususiyatlarini o‘zida mujassam etgan mozaik belgilar to‘plamiga ega odamlarning qoldiqlari topilgan. Olimlarning ta'kidlashicha, bu kashfiyot qadimgi davrlarda kim va qanday qilib murakkab ov texnologiyalarini o‘zlashtirganini tushunish uchun kalit vazifasini bajaradi.