Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi: Hamkorlikning yangi bosqichi


Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va “Oʼzbekiston texnologik metalllar kombinati” aktsiyadorlik jamiyati oʼrtasida fan, taʼlim va innovatsion rivojlanish sohasida oʼzaro hamkorlik toʼgʼrisida Memorandum imzolandi.

 

Ushbu hujjat yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni kengaytirish, konchilik, metallurgiya, materialshunoslik va kimyo sohalarida ilmiy-amaliy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida imzolandi. Tomonlar uzoq muddatli hamkorlikni yoʼlga qoʼyish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, taʼlim dasturlarini rivojlantirish va fanni ishlab chiqarish bilan integratsiyalashni maqsad qildilar.

Hamkorlikning asosiy yoʼnalishlari sifatida quyidagilar belgilandi:
xalqaro laboratoriyalar va ilmiy tadqiqot institutlari ishtirokida qoʼshma ilmiy-tajriba ishlari va innovatsion ishlanmalarni amalga oshirish;
xorijiy tajriba asosida xalqaro standartlarga muvofiq taʼlim dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish;
talabalar va mutaxassislar uchun xorijiy taʼlim muassasalari va korxonalarda stajirovkalar, amaliyotlar va malaka oshirish dasturlarini tashkil etish;
texnologiyalar transferi va korporativ venchur dasturlarini tashkil etish orqali innovatsion startaplarni qoʼllab-quvvatlash va raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqishga koʼmaklashish;
xalqaro tashkilotlar va xorijiy mutaxassislarni jalb etish orqali qoʼshma loyihalarni amalga oshirish va hamkorlikni kengaytirish.

Memorandum doirasida sanoat uchun innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish maqsadida ilmiy-ishlab chiqarish konsortsiumlarini tashkil etish, xalqaro forumlar, konferensiyalar va seminarlarni tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Memorandum 3 yil muddatga tuzilgan boʼlib, imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi. Hujjat har ikki tomonning hamkorlikni chuqurlashtirish, ilmiy-texnikaviy salohiyatni rivojlantirish va mahalliy kon-metallurgiya sanoatining raqobatbardoshligini oshirish boʼyicha intilishlarini aks ettiradi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!