Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Hamkorlik aloqalari kengaymoqda


Toshkent botanika bogʼiga M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti Botanika bogʼi direktori V.V.Chub va ilmiy xodimlari tashrif buyurishdi hamda Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti huzuridagi akad. F.N. Rusanov nomidagi Toshkent Botanika bogʼi rahbariyati bilan uchrashdilar.

Uchrashuv davomida Toshkent botanika bogʼi direktori S.X. Аbdinazarov mehmonlarni bogʼ faoliyati bilan batafsil tanishtirdi, ular uchun Toshkent botanika bogʼi ekspozitsiyalari va oranjereyasi boʼyicha ekskursiya tashkil etildi. M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti Botanika bogʼi direktori oʼz navbatida uchrashuv qatnashchilariga muassasaning taʼlim va ilmiy-tadqiqot faoliyati toʼgʼrisida maʼlumot berdi hamda Toshkent botanika bogʼi kolleksiyasini toʼldirish uchun lolaning 11 ta yangi navlari ning piyozini taqdim etdi.

 

Uchrashuv yakuni boʼyicha Toshkent botanika bogʼi va M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti Botanika bogʼi oʼrtasida tabiiy florani, manzarali, dorivor va boshqa foydali oʼsimliklarni himoya qilish va takror yetishtirish, ilmiy-tadqiqot sohasida oʼzaro tajriba almashish boʼyicha hamkorlik Memorandumi imzolandi.

Maʼlumot oʼrnida: Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti huzuridagi akad. F.N. Rusanov nomidagi Toshkent Botanika bogʼi tomonidan oʼsimliklarni introduktsiya qilish, iqlimga moslash, biologik xilma-xillikni saqlash va jamoatchilikni tabiatni muhofaza qilish faoliyatiga keng jalb qilish boʼyicha 20 dan ortiq, shu jumladan, Germaniya, Аvstriya, Fransiya, АQSh Rossiya, Polsha Islandiya, Nedirlandiya, Shveytsariya, Ispaniya va boshqa davlatlarning botanika bogʼlari bilan hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan muayan ishlar amalga oshirilmoqda.

Toshkent Botanika bogʼi 2012-yildan Xalqaro Fanlar akademiyasi assotsiatsiyasi qoshidagi MDH Botinika bogʼlari Kengashi aʼzosi hisoblanadi.

Shuningdek, 2021-yilning may oyida Toshkent Botanika bogʼi 118 ta davlatlardagi 800 ta botanika bogʼlari bilan ish olib boruvchi hamda oʼsimliklarni saqlab qolish boʼyicha oʼzaro hamkorligi dunyodagi eng katta tarmoqni tashkil etuvchi Xalqaro Botanika bogʼlarini himoya qilish (BGCI, London) tashkilotiga aʼzolikka qabul qilindi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!