Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Fanlar akademiyasi Energetika instituti tashkil etildi


Vazirlar Mahkamasining “Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Energetika muammolari institutini tashkil etish toʼgʼrisida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga koʼra, quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilandi:

- respublikada energetika barqaror rivojlanishining kelajak strategiyasini ishlab chiqish, oʼrta va uzoq istiqbolda yoqilgi-energetika kompleksining rivojlanishi va modernizatsiyasi boʼyicha dasturlarni tayyorlashda ishtirok etish;

- muqobil (noanʼanaviy) energiya asosidagi yangi texnologiyalar, energetik uskunalar va tizimlarning respublika iqlim sharoitlarida resurs koʼrsatkichlarini oʼrganish maqsadida sinovlarni amalga oshirish;

- iqtisodiyot tarmoqlari energiya sarfini pasaytirish boʼyicha kompleks tadqiqotlarni oʼtkazish va aniq tavsiyalar ishlab chiqish;

- energetika sohasida raqamli iqtisodiyot rivojlanishining ustuvor yoʼnalishlarini ishlab chiqish, “intellektual tarmoqlar” nazariyasini rivojlantirish va energetika sohasiga joriy etish usullarini ishlab chiqish;

- mamlakatning energetik xavfsizligini taʼminlash, tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlarda yoqilgʼi-energetika kompleksi obʼektlarining barqaror faoliyatini taʼminlash boʼyicha ilmiy tadqiqotlar olib borish;

- mintaqaning qoʼshni davlatlari oʼrtasida yoqilgʼi-energiya manbalaridan birgalikda foydalanish boʼyicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish;

- iqdisodiyotning turli sohalarida anʼanaviy, shuningdek, muqobil va qayta tiklanadigan energiyadan foydalanish bilan bogʼliq fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish;

- yoqilgʼi-energetika resurslaridan ularni hosil qilish, saqlash, yetkazib berish va foydalanish bosqichlarida samarali foydalanish usullarining ilmiy-texnik darajasini oshirish;

- yoqilgʼi-energetika resurslarini hosil qilish, saqlash, yetkazib berish va taqsimlash tannarxini pasaytirish maqsadida zamonaviy energetik texnologiyalarni transfer qilish va respublika sharoitiga moslashtirishni asoslash, energetika sohasiga taalluqli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish;

- mamlakatda energetik mashinasozlik va elektrotexnika sanoati, unga xizmat koʼrsatuvchi tarmoqlar rivojiga ilmiy-texnik jihatdan koʼmaklashish;

- sohadagi xorijiy muassasalar bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish, muvaffaqiyatli tajribalar va aniq innovatsiya modellardan keng foydalanish, jadal axborot almashinuvini taʼminlash;

- sohada fan va taʼlim integratsiyasini taʼminlash maqsadida oliy taʼlim tashkilotlarining energetika yoʼnalishidagi fakulьtet va kafedralari oʼquv dasturlari va metodik qoʼllanmalarni ishlab chiqishda ishtirok etish, talabalarning laboratoriya ishlarini bajarish uchun Institut laboratoriyalaridan foydalanish, Institut ilmiy xodimlarining dars jarayonlarida ishtirok etishini taʼminlash orqali yuqori malakali kadrlarni tayyorlashda, kadrlar malakasini oshirish vaqxayta tayyorlashda ishtirok etish;

- energetika sohasidagi ilmiy yoʼnalishlar va tegishli ixtisosliklar boʼyicha ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash.

Institut davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi va Oʼzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan hamda Institut nomi davlat tilida yozilgan muhrga ega boʼladi.

Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy tashkilot sifatida davlat buyurtmalari va dasturlarini amalga oshirishda hamda fundamental va amaliy tadqiqotlarni olib borishda ishtirok etadi.

Institutga Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ustavida belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi hamda u Fanlar akademiyasining tegishli vitse-prezidenti bilan kelishgan holda Institut direktori tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan ikki nafar oʼrinbosarga, jumladan, direktorning ilm-fan boʼyicha oʼrinbosari hamda direktorning umumiy masalalar boʼyicha oʼrinbosariga ega boʼladi.

Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidentiga, zarurat boʼlganda, Institut tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy cheklangan soni va mehnatga haq toʼlash fondi doirasida oʼzgartirishlar kiritish huquqi beriladi.

Institut Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Chingiz Аytmatov koʼchasi 2B-uy manzilida joylashgan Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutining binosiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.

Mazkur qarorning qabul qilinishi energetika sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish, xorijiy ilmiy muassasalar bilan hamkorlikni kengaytirish, ushbu sohada yuqori malakali kadrlar darajasini oshirish va shu orqali mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlariga anʼanaviy va muqobil energiya manbalarini keng joriy etish imkonini beradi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!