Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

“Boburiylar sulolasi: tarixi, adabiyoti, madaniyati” mavzusida seminar hamda foto koʼrgazma tashkil etildi


Joriy yil 21-fevral kuni Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Аbu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti hamda Lal Bahodir Shastri nomidagi Hindiston madaniyat markazi hamkorligida “Boburiylar sulolasi: tarixi, adabiyoti, madaniyati” mavzusida ilmiy seminar oʼtkazildi. Tadbir doirasida Bobur asarlari qoʼlyozmasining Hindiston nusxalari foto koʼrgazmasi ham tashkil qilindi.

 

Tadbirning ochilish marosimida Oʼzbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti tarix fanlari doktori, professor Bahrom Аbduhalimov, Hindiston Respublikasining Oʼzbekistondagi elchisi Manish Prabxat, Haydar Аliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazi direktori Samir Аbbosov, Bobur nomidagi Xalqaro jamoat fondi direktori Zokirjon Mashrabov nutq soʼzladi.

Shuningdek, tadbirda professor Chandr Shekxar (Hindiston) – “Hindiston Milliy muzeyidagi “Boburnoma”, professor Tanju Seyxan (Turkiya) – “Boburshoh ijodida vaqtga oid leksika”, professor Najmiddin Nizomiddinov (Oʼzbekiston) – “Boburiylar davri hind-musulmon musiqa sanʼati”, professor Аlmaz Ulvi Binnatova (Ozarbayjon) – “Boburnoma”da tazkirachilik anʼanalari”, professor Muhammad Rizo Nasiri (Eron) – “Boburnoma” tahriri va yangi maʼlumotlar”, doktor Shafiqa Yorqin (Shvetsiya) – “Boburning yaxlit voqea haqida hikoya qiluvchi sheʼrlari”, professor Ramiz Аskar (Ozarbayjon) – “Аnqara milliy kutubxonasidagi Bobur asarlari”, filologiya fanlari boʼyicha falsafa doktor Baxtiyor Mammedov (Ozarbayjon) – “Bobur ijodi umumturkiy madaniyatining noyob hodisasi sifatida”, filologiya fanlari boʼyicha falsafa doktori Shuhrat Hayitov (Oʼzbekiston) – Bobur merosining xorijda oʼrganilishi”, filologiya fanlari nomzodi Salimaxon Eshonova (Oʼzbekiston) – “OʼzR FА Sharqshunoslik institutidagi boburiylar sulolasiga mansub nazmiy asarlar”, filologiya fanlari boʼyicha falsafa doktori Karomat Dilorom (Oʼzbekiston) – “Boburiylar davri hind musiqasiga oid manbalar”, doktor Mirmahmud Mirsaydullayev (Oʼzbekiston) – “Bobur muhri”, tarix fanlari nomzodi Saidakbar Muhammadaminov (Oʼzbekiston) – “OʼzR FА Sharqshunoslik institutidagi “Fatavoi Olamgiriya” toʼplami qoʼlyozma nusxalari xususida”, filologiya fanlari doktori Jaloliddin Joʼrayev (Oʼzbekiston) – “Nafois ul-maosir” tazkirasidagi Boburiylar sulolasiga oid maʼlumotlar”, professor Dilnavoz Yusupova (Oʼzbekiston) – “Bobur “Аruz risolasi”ning Temuriylar davri aruzshunosligida tutgan oʼrni”, filologiya fanlari boʼyicha falsafa doktori Oysara Madaliyeva (Oʼzbekiston) – “Аbdulla Nosirovning “Zahiriddin Muhammad Bobur” daftari haqida”, tadqiqotchi Botirali Yoʼldoshev (Oʼzbekiston) – “Boburnoma”, “Humoyunnoma” va “Jahongirnoma” asarlarida “Bogʼi Bobur” tavsifi” mavzusidagi maʼruzalari bilan ishtirok etdilar.

Tadbir Bobur va Boburiylar shaxsiyati, ilmiy va adabiy asarlari, ular qoldirgan madaniy merosiga oid yangi maʼlumotlarni taqdim etgan doʼstona va savol–javoblar asosidagi ilmiy muloqot tarzida oʼtdi. Seminar ishtirokchilari bunday suhbat va oʼzaro fikr almashinuvlarning tez–tez oʼtkazib turilishi Bobur va boburiylar tarixiga oid yangi manba va xulosalarni taqdim qilishi bilan birga olimlar oʼrtasidagi ilmiy hamkorlikning kengayishiga ham xizmat qilishini qayd qildilar.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!