Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

“Aznek” maydonida foydali qazilmalarni qazib olish qizg‘in ketmoqda


Avval xabar qilinganidek, Karakata konining “Aznek” maydonida fosforitlarni qazib olish bo‘yicha kon ishlari boshlangan. Ushbu maydonda foydali qazilmalarni qazib olishga lisenziya latviyalik "BAO" AJning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bo‘lgan “BAO Resources SIA Ltd” kompaniyasiga berilgan.

"BAO" AJ kengashi raisi Yanis Vilgert hamkasblari va sheriklari bilan joriy yilning may va iyun oylarida Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limiga tashrif buyurgan edi. Aksiyadorlik jamiyati va Bo‘lim o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangan. Yaqinda Latviyaning ishbilarmonlari yana Navoiy shahriga kelishdi va Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev, rais o‘rinbosari Quvondiq Nurboyev va Bo‘lim olimlari bilan navbatdagi muzokaralarni olib bordilar.

Ular Navoiy viloyati hokimining o‘rinbosari — investisiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i Kamoliddin Xasanov bilan uchrashdilar. Uchrashuvda Konimex tumani hududida “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi a'zosi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish hamda mineral o‘g‘it ishlab chiqarish kichik tajriba zavodini qurish masalalari muhokama etildi. Zavodning ish sharoitlari, jihoz va uskanalari hamda binoning o‘zi Yevropa standartlariga javob berishi lozimligi ta'kidlandi.

Zavoddagi texnologiyani tanlashda muzokara ishtirokchilari fosforit rudasini kuydirishsiz boyitishning innovatsion usulini ma'qul deb topdilar. Bu masalada Navoiy davlat konchilik instituti o‘qituvchilari bilan yaqin hamkorlikda ishlagan Navoiy bo‘limi doktoranti N.Xurramovning tadqiqot ishi natijalaridan foydalanish maqsadga muvofiqligi ta'kidlandi. N.Xurramovning ishi NDKIdagi ustozlari bilan birgalikda grant loyihasi doirasida tarkibida 20 foiz fosfor besh oksidi bo‘lgan va o‘g‘it sifatiga ta'sir qiladigan zararli qo‘shimchalardan tozalangan ekstraksion fosfor kislotasi olishga muvaffaq bo‘lganligi bilan ajralib turadi. Toza dikalsiy fosfat tuzidan tozalangan fosfor kislota va tibbiy gips ham olingan.

Konimex tumaniga borilib, zavod qurish uchun Karakata konidan unchalik uzoq bo‘lmagan masofada joylashgan maydon tanlandi. “Aznek” maydonining o‘zida kompaniyaning dala ofisi tashkil etiladi.

Latviyalik tadbirkorlar va Navoiy bo‘limi olimlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri maydonda qazib olish ishlari bilan tanishdilar. Bu yerda ustki qatlam sirtini ochish ishlari ikki gektar maydonda yakunlangan va frezer kombayni yordamida rudani qazib olish ishlari boshlab yuborilgan. Tog‘ jinsining massasi vaqtinchalik omborxonada saqlanmoqda.

Navoiy bo‘limi olimlari ustki qatlamni batafsil ko‘zdan kechirgandan so‘ng, uning tarkibida bentonit gillari borligini aniqladilar. Dastlabki tahlillarga ko‘ra, bu ishkoriy bentonitligi isbotlandi. Qiziqarlisi shunda-ki, unda hech qanday aralashmalar deyarli yo‘q, ya'ni odatda bunday gil konlarida gips va qum uchraydi. Bunday bentonitni burg‘ulash ishlarida burg‘ulash suyuqligi tayyorlashda ishlatish mumkin.

Navoiy bo‘limi olimlari ushbu noma'dan foydali qazilmani batafsil o‘rganishga kirishdilar. Agar taxminlar to‘g‘ri bo‘lib chiqsa, unda “Aznek” maydonida chiqindisiz ishlab chiqarishni tashkil qilish va ushbu turdagi gilni qayta ishlash sikliga kiritish mumkin bo‘ladi.

Latviyadan kelgan mehmonlar, shuningdek, tog‘-kon uskunalarini sotib olish to‘g‘risida ariza yuborilganligini, va ular sentyabr' oyida maydonga yetkazib berilishini xabar qilishdi. Bundan tashqari, o‘tgan safar va'da qilinganidek, ular o‘zlari bilan ikki xil navli lavanda urug‘ini olib kelishdi. Lavanda ko‘p yillik gulli bog‘ o‘simligi bo‘lib, uning ham tirik, ham quritilgan barg va gullari xo‘shbo‘y hid tarqatadi.

Lavandadan olingan efir moyi kuchli antiseptik va antispazmodik ta'siriga ega, tanadagi yaralar va kuyishlar davolanishiga yordam beradi. U kosmetologiyada ham qo‘llaniladi. Lavanda gullari va barglari migren, nevrasteniya, yurak urishi uchun choy shaklida, tinchlantiruvchi vosita sifatida ishlatiladi.

Hozirgi kunda Navoiy bo‘limi olimlari O‘zbekistonda lavanda yetishtirish bo‘yicha Innovasion rivojlanish vazirligiga topshirish uchun loyiha tayyorlamoqdalar. “Sag agro” MChJning “in vitro” laboratoriyasi xodimlarini jalb qilgan holda bir qator tadqiqotlar o‘tkazish va ziravor sifatida ishlatiladigan xushbo‘y gullarni yetishtirish uchun maqbul agrotexnik tadbirlarni tanlash rejalashtirilgan.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!