Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Akademik Namangan viloyati ziyolilari bilan uchrashdi





  

 

 

 

 

Fanlar akademiyasi  akademigi Shuhrat Sirojiddinov Namangan viloyati  To‘raqo‘rg‘on tumani 5-umumta’lim maktabida To‘raqo‘rg‘on va Chust tumanlari ziyolilari, mahalla faollari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda maktab direktorlari, ma’naviyat ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosarlari, mahalla yoshlar yetakchilari va tumanlardagi ma’naviy masalalarga mas’ullar, shuningdek, viloyat va tumanlar hokimlarining davlat tili bo‘yicha maslahatchilari ishtirok etishdi.
Akademik Sh.Sirojiddinov o‘z ma’ruzasida O‘zbekistonning hozirgi davrdagi ichki va tashqi siyosati, xususan, bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar mohiyati haqida batafsil tushuntirishlar berdi. Olimning alohida qayd etishicha, yurtimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev boshchiligida olib borilayotgan oqilona siyosat tufayli Uchinchi Renessans poydevorini yaratish va Yangi O‘zbekistonni barpo etishda dadil qadamlar tashlanmoqda. So‘nggi yillarda O‘zbekiston o‘z taraqqiyotida yangi davrga qadam qo‘ydi. Siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-gumanitar sohalarda ulkan o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Yurtimizdagi islohotlar nafaqat mamlakatning ichida, balki mintaqada ham sifat jihatdan mutlaqo yangi muhitni yaratdi. Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini tarixiy yangi bosqichga olib chiqdi. Biroq mevali daraxtga tosh otadilar deganlaridek, davlatimizning  yuksalib borayotgani, tashqi siyosiy va iqtisodiy  aloqalardagi muvaffaqiyatlaridan bezovtalangan chetdagi qudratli markazlarning turli ko‘rinishdagi po‘pisalarga asoslangan chiqishlari  har bir o‘zbek ziyolisini xavotirga solishi tabiiy. Ikkinchi tomondan, internet makonida tobora kuchayib borayotgan ommaviy madaniyat targ‘iboti, fahsh va zo‘ravonlik ko‘rinishlarini zo‘r berib singdirishga  qaratilgan harakatlar aks etgan materiallar yoshlarimiz tarbiyasiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.      
Uchrashuv jarayonida akademik Sh.Sirojiddinov bugungi tahlikali davrda yoshlarimiz tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullanish, davlatimiz tomonidan maktablarda davomatni ta’minlash, maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi tizimida milliy qadriyatlarimiz, vatanparvarlik, millatparvarlik kabi fazilatlarni shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarda faol ishtirok etish  soha mutasaddilari, rahbarlar, tarbiyaviy ishlarga mas’ul bo‘lgan kimki bor, barchaning muqaddas burchiga aylanishi haqida o‘z fikrlarini  bayon qildi. 
Uchrashuvda so‘z olgan Namangan viloyat hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Iroda Qo‘chqorova,  To‘raqo‘rg‘on tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Ikromjon Parpiyev ko‘tarilgan dolzarb masalalarga oid o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar. Uchrashuv so‘ngida yig‘ilish ishtirokchilari ham mavzu doirasida o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashdilar.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!