Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Bugun akademik Yahyo Gʻulomov tavallud topgan kun


Koʻhna tariximizning yetuk bilimdoni, tarixchi-arxeolog, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining akademigi, tarix fanlari doktori, professor, Respublikada arxeologiya sohasining rivojiga va arxeolog kadrlarning butun bir avlodini yetishtirishga ulkan hissa qoʻshgan ulugʻ ustoz Yahyo Gʻulomovich Gʻulomov 1908-yil 1-may kuni Toshkent shahrining Shayxontohur dahasida madrasa mudarrisi oilasida tugʻilgan. Otasi Gʻulomxon mahsum Toshkentning mashhur Xoʻja Ahror madrasasida mudarisslik qilar, onasi Soraxon esa maktabdor edilar.

1918-yil otasi Gʻulomxon mahsum vafotidan soʻng, to 1921-yilgacha Yahyo Gʻulomov onasi va akasidan taʼlim oladi.

 

1921-1926-yillarda Yahyo Gʻulomov “Namuna” maktab-internatida yashab tahsil oladi.

Yahyo Gʻulomovning ilmga boʻlgan intilishi oliy maʼlumot olish yoʻlida keyinchalik Samarqandga yetakladi. 1927-1930-yillarda Yahyo Gʻulomov Samarqanddagi Oʻzbek davlat pedagogika akademiyasining ijtimoiy-iqtisodiy boʻlimida oʻqiydi. Yahyo Gʻulomov bu dorilfununda oʻsha davrning mashhur olimlari Poʻlat Soliyev, Vasiliy Vyatkin, Abdurauf Fitrat, Muso Saidjonov va boshqa olimlarning maʼruzalarini tingladi va ulardan saboq oldi.

Samarqanddagi oʻqish tugab, Toshkentga qaytgach, Y.Gʻulomov bir muncha vaqt Toshkent pedagogika texnikumida (1931) oʻqituvchilik qiladi. Aynan shu vaqtga kelib Yahyo Gʻulomov hayotida mustaqil ilmiy tadqiqotlar davri boshlandi. Qadim tariximizni oʻrganishga boʻlgan qiziqish uni ilmga yoʻlladi.

1933-yili Ya. Gʻulomov Oʻzbekiston Xalq Komissarlari Soveti huzuridagi tarixiy yodgorliklarni saqlash va ilmiy oʻrganish Respublika komiteti - “Uzkomstaris”ga avval ilmiy xodim, soʻngra uning ilmiy kotibi qilib tayinlanadi.

1937-yilning kuzida Yahyo Gʻulomov S.P.Tolstov rahbarligidagi Xorazm ekspeditsiyasiga Oʻzbekiston SSR Fanlar Komitetidan jalb etiladi va u oʻsha ekspeditsiya rahbarining Oʻzbekiston nomidan oʻrinbosari – arxeolog sifatida faoliyat yuritadi.

1941-yilda Yahyo Gʻulomovning “Xiva shahri va uning obidalari” nomli ilmiy asari bosilib chiqadi. 1943-yil Yahyo Gʻulomov ushbu ilmiy asari asosida “Xiva shahri va uning obidalari” mavzusida tarix fanlari nomzodi ilmiy darajasini himoya qildi.

Yahyo Gʻulomovning Xorazm hududida olib borgan koʻp yillik arxeologik tadqiqotlari, Sharq qoʻlyozma asarlarining tahlili va boy etnografik maʼlumotlar asosida vohaning 4-4,5 ming yillik ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotini toʻliq aks ettirgan yirik ilmiy ish “Xorazmning sugʻorilish tarixi qadim zamonlardan hozirgacha” nomli asari vujudga keldi. Bu tadqiqot olimning “Xorazmning sugʻorilish tarixi. Qadimgi zamonlardan hozirgacha” mavzuida 1950-yili yoqlagan doktorlik dissertatsiyasini asosini tashkil etdi. Y.Gʻ.Gʻulomovning ulugʻ xizmatlaridan biri Oʻzbekiston arxeologiyasi faniga mahalliy yoshlarni jalb qilish, ularni yuksak malakali mutaxassis sifatida shakllantirish ishlariga bosh-qosh boʻlishdan iborat boʻldi. 1960-1990-yillarda tarixchi va arxeologlarning oʻziga xos “Gʻulomov maktabi” dunyoga keldi.

Yahyo Gʻulomovning tashabbusi bilan 1958-yili bir jildlik “Oʻzbekiston tarixi” ilk bor oʻzbek tilida nashr etildi. Bu asardagi qadimgi va oʻrta asr tarixiga oid boblar olimning qalamiga mansubdir. Shuningdek, olim 1974-yilda chop etilgan bir jildlik “Oʻzbekiston tarixi”ning asosiy mualliflaridan biridir.

 

O.Sh.Kanimkulov

 

 

 

 

 

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!