Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Yadro fizikasi sohasida yetuk olim Zokirjon Kanokov


Fizika-matematika fanlari doktori, yadro fizikasi sohasida yetuk mutaxasis olim, sevimli ustoz O’zR FA Yadro fizikasi instituti Nazariy yadro fizikasi laboratoriyasi mudiri Zokirjon Kanokov 2020-yil 7-avgust kuni 64 yoshida bevaqt hayotdan ko’z yumdi.

Z. Kanokov 1956-yil 25-yanvarida Toshkent viloyatining Bo’stonliq tumanida tavallud topgan. 1973-yil Toshkent davlat universitetining Fizika fakultetiga o'qishga kirgan. Ilmiy faoliyatini 1978-yildan O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutida boshlagan. 1983-2012-yillar davomida O’zbekiston Milliy universiteti Fizika fakultetida ilmiy xodim va pedagog, 1986-1987-yillarda Moskva davlat universitetida stajer o’qituvchi, 2012-2017 yillarda Milliy universiteti Fizika fakulteti “Nazariy va yadro fizikasi” kafedrasi mudiri,  2018 yildan hozirgacha O’zR FA Yadro fizikasi instituti Nazariy yadro fizikasi laboratoriyasining mudiri lavozimida samarali faoliyat ko'rsatib kelayotgan edi.

Zokijon Kanokov ilmiy faoliyati davomida Ochiq kvant sistemalar va  nanosistemalarining  harakat dinamikasini, Og’ir ionlar to’qnashuvida  vazmin yadrolarning qo’shilishi va bo’linishi jarayonlarini o'rganishga katta e'tibor berdi. Bu tadqiqotlar Rossiya Federatsiyasining Dubna shahrida joylashgan Birlashgan yadro tadqiqotlari instituti olimlari e’tiborini tortdi va uzoq yillar davomida hamkorlikda qilingan izlanishlarning asosi bo’ldi. Hamkorlikda qurilgan yangi nazariy usullar dunyo miqyosida tan olingan. Z. Kanokov 80 dan ortiq ilmiy nashrlar, 60 dan ortiq maqolalar chop etgan. O'zining ilmiy-pedogogik faoliyati davomida ko’plab o’quv qo’llanmalar muallifidir va Toshkent davlat universiteti Fizika fakultetida talabalarga yadro fizikasi va elementar zarralar fizikasi, yadro modellari fanlaridan chuqur saboq berdi. Zokirjon Kanokov juda ko’plab yurtimiz yosh izlanuvchilarining katta ilmiy markazlarda faoliyat yuritishiga va mamlakatimiz yoshlarining ilmiy salohiyatining oshishiga katta hissa qo’shdi.

Zokirjon Kanokov yurtimiz yadro fizikasi sohasida yetuk mutaxassis, kamtarin olim va sevimli ustoz sifatida shogirdlari va hamkasblari qalbida umrbod qoladi.

O'zR FA Yadro fizikasi instituti.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!