Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Xitoy–Markaziy Osiyo matematiklarining qo‘shma yig‘ilishi


“Xitoy–Markaziy Osiyo matematiklarining qo‘shma yig‘ilishi” – bu yangi yutuqlar haqida fikr almashish, ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha hamkorlik qilish hamda xalqaro do‘stona aloqalarni rivojlantirish uchun matematikaning barcha sohalarida Xitoy va Markaziy Osiyo matematiklarini birlashtiradigan, har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan ilmiy konferensiyadir.

Birinchi Xitoy–Markaziy Osiyo matematiklarining qo‘shma yig‘ilishi 2019-yil sentabr oyida Xitoy Xalq Respublikasining Chengdu shahrida joylashgan Sichuan universitetida bo‘lib o‘tdi.

Ilmiy konferensiyada algebra va funktsional analiz, differentsial tenglamalar, dinamik sistemalar va matematik fizika, kompleks analiz, Geometriya va Topologiya, ehtimollar nazariyasi va matematik statistika, amaliy, hisoblash, sanoat va muhandislik matematikasi masalalari muhokama qilindi. 

Ushbu konferensiyada Xitoy, O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Turkmaniston davlatlaridan bir qator taniqli matematik olimlar va tadqiqotchilar ishtirok etdilar. Respublikamiz matematiklaridan akademik Sh.A.Ayupov rahbarligida 16 kishidan iborat delegatsiya, jumladan, akademiklar A.Sadullaev, A.Azamov, S.Lakaev, professorlar M.Aripov, Sh.Miraxmedov, R.Ashurov, U.Rozikov, A.Soleev, O.Sharipov, K.Kudaybergenov, D.Durdiev, A.Zaitov, A.Xudoyberdiev, R.Turdibaev va tayanch doktorant I.Sattarov ma’ruzalar bilan ishtirok etishdi.

 

Konferensiya ishi olti kun davomida qizg‘in bahs-munozaralarga boy suratda bo‘lib o‘tdi. Konferentsiya davomida olimlar kelgusi hamkorlikdagi faoliyatlari haqida turli kelishuvlarga erishdilar va yangi ilmiy aloqalar o‘rnatildi va kelishuvlar ilm-fan va iqtisodiyotni rivojlantirish uchun xizmat qiladi.

Konferensiya yopilish marosimida akademik Sh.A.Ayupov so‘zga chiqib, tashkilotchilar va barcha homiylarga, xususan Sichuan universiteti professorlari Xiaojun Chen va Farxod Eshmatovlarga minnatdorchilik bildirdi hamda Ikkinchi Xitoy–Markaziy Osiyo matematiklarining qo‘shma yig‘ilishini 2021-yilda O‘zbekistonda o‘tkazish taklifini kiritdi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!