Joriy 2021-yil 25-26-iyun kunlari Xalqaro Matematiklar uyushmasining ayollar komiteti tomonidan birinchi Osiyo va Okeaniya davlatlari vakillarining yigʼilishi boʼlib oʼtdi.
Yigʼilishda Xalqaro matematiklar uyushmasi ayollar komitetining Oʼzbekistondagi vakili va Yevropa ayol matematiklar jamiyatining Oʼzbekistondagi koordinatiri Xorazm Maʼmun akademiyasi aniq fanlar boʼlimi boshligʼi, fizika-matematika fanlari doktori Baltayeva Umida Ismoilovna qatnashdi. Yigʼilishda Osiyo va Okeaniya davlatlarida faoliyat yurituvchi matematik xotin-qizlar hamkorligini kengaytirish masalalari koʼrildi. Bunda U.Baltayeva hamkorlikni mustahkamlash uchun Osiyo va Okeaniya davlatlari xotin-qizlari uchun aynan maxsus tematik ilmiy seminarlar va workshoplar tashkil etilishini taklif etdi. Oʼzida katta auditoriyani qamrab oluvchi ushbu davlatlar uchun fanning muayyan yoʼnalishidagi ilmiy seminarlar tashkil etilishi, tadqiqotchi xotin-qizlaning ilmiy ishlarini rivojlantirish muhim ekanligini taʼkidladi. Shuningdek, bu kabi hamkorliklar qoʼshma ilmiy loyihalar va yuqori saviyadagi nashrlarda ilmiy maqolalar hajmini oshirishga xizmat qilishini aytib oʼtdi.