Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Тoshbosma asarlarning katalogi nashr etildi


Dunyo xazinalarini toʼldirib turgan ming-minglab qadimgi yozma yodgorliklar har bir xalqning oʼtmish madaniyatini oʼzida aks ettiradi. Ularda xalqning boy maʼnaviy va madaniy merosi, qadim urf-odati, eʼtiqodi bilan bogʼliq koʼplab maʼlumotlar jamlangan. Ota-bobolarimiz qoldirgan boy madaniy merosni oʼrganish, uni kelajak avlodlarga yetkazish nafaqat yurtimizda, balki dunyo olimlari oldidagi muhim masala boʼlib qolmoqda. Yurtboshimizning 2017-yil 24-maydagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targʼib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarori bilan yozma yodgorliklarimizni oʼrganishning yangi bosqichi shakllanmoqda. Qarorda belgilanganidek, “Oʼzbekiston Respublikasining turli tashkilotlarida saqlanayotgan arab yozuvidagi qoʼlyozma asarlar, toshbosma kitoblar va tarixiy hujjatlarning saqlanish va taʼmirlanish holatini monitoring qilish va ularning elektron bazasini yaratish” bugungi kunning dolzarb vazifalari sirasiga kiradi.

OʼzR FА Аlisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi qoʼlyozmalar fondida ham koʼplab noyob qoʼlyozma va toshbosma (litografik) asarlar saqlanadi.

Muzey xodimlari tomonidan “Аlisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyida saqlanayotgan toshbosma asarlarning elektron katalogini yaratish va nashrga tayyorlash” nomli amaliy loyiha doirasida mingga yaqin toshbosma asarlar ustida izlanishlar olib borildi. Ular turli mavzularga oid asarlar boʼlib, tili va mavzusi boʼyicha teng miqdorda saralab olindi.

Professor S.Hasanov va f.f.d. Sh. Hasanova rahbarligidagi olimlar guruhining uch yillik izlanishlari natijasida arabiy, forsiy, turkiy tildagi toshbosma asarlarning katalogi nashrga tayyorlandi va “Fan” nashriyoti tomonidan chop qilindi.

Katalogdan muzey qoʼlyozmalari fondida saqlanayotgan 500 ta toshbosma asarning ilmiy tavsifi oʼrin olgan. Аrabiy, forsiy, turkiy tildagi asarlar asosan adabiyot, tarix, tilshunoslik, tibbiyot, tafsir va hadis ilmi, mantiq va kalom ilmi, aqoid, fiqh, nahv va sarf ilmlari va boshqa sohalarga taalluqli.

Katalog adabiyotshunos, sharqshunos, manbashunos, matnshunos mutaxassislar hamda vatanimiz qoʼlyozma fondlarida saqlanayotgan yozma yodgorliklar bilan qiziquvchilar uchun moʼljallangan.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!