Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xafvsizlikni ta'minlash sohasidagi mas'ul davlat organlari belgilandi


O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyulda “O'zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta'minlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ–4794-sonli Qarori qabul qilindi. Ushbu Qaror loyihasi “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq Fanlar akademiyasi tomonidan ishlab chiqildi.

Ushbu qarorga muvofiq, 

O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi – seysmik xavfni turli miqyosda baholash, hududlarni seysmik rayonlashtirish, zilzilalarni muddatlar kesimida prognoz qilish metodologiyasini ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish, turli seysmik xavfning injener-geologik asoslarini va baholash texnologiyalarini yaratish uchun mas'ul bo'lgan davlat ilmiy muassasasi;

O'zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi – respublika hududida qurilayotgan ob'ektlardagi loyihalar va qurilish sifatini seysmik xavfsizlik bo'yicha me'yoriy hujjatlar talablariga muvofiqligini baholash va nazorat qilish, shaharlardagi mavjud binolarning seysmik mustahkamligini ta'minlash, inshootlarning seysmik xavfini kamaytirish bo'yicha zarur tadbirlar ishlab chiqish uchun mas'ul bo'lgan davlat boshqaruvi organi;

O'zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi – respublika va transchegaraviy hududlarda, shuningdek, tabiiy va texnogen xavfli hududlarda hamda muhim ob'ektlarda seysmik xavfsizlik bo'yicha monitoringni tashkil etish, kuchli va talafotli zilzilalar sodir bo'lishi xavfi mavjud bo'lganida ularning oqibatlarini bartaraf etish uchun zarur choralarni ko'rishga mas'ul bo'lgan davlat boshqaruvi organi etib belgilandi.

Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti va Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universitetining tegishli yo'nalishlarida ushbu sohada mutaxassis kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash bo'yicha bazaviy oliy ta'lim muassasalari etib belgilandi.

Hukumat tarkibiy tuzilmasida ushbu sohani muvofiqlashtuvchi sho'ba va tegishli jamg'arma tashkil etildi.

Shuningdek, 2020-yil 1-noyabrga qadar barcha suv omborlari va gidrotexnika inshootlarining seysmik mustahkamlik holatini baholash bo'yicha ekspress uslubiyot ishlab chiqiladi.

Bundan tashqari, Qaror bilan Respublikada seysmik xavfsizlikni ta'minlash tizimini takomillashtirish Dasturi ham tasdiqlandi.

Shunungdek, mazkur hujjatga binoan Markaziy Osiyo hududida seysmik xavf-xatarni prognoz qilish bo'yicha qo'shni davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yish vazifasi ham qo'yilgan.

Ushbu Qarorning qabul qilinishi O'zbekiston Respublikasi aholisi va hududlarini seysmik xavfdan himoya qilish sohasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqadi va bu boradagi aniq maqsadga qaratilgan islohotlarni jadallashtiradi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!