Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Qishloq xoʼjaligi sohasini rivojlantirishda ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasining ahamiyati


Navoiy viloyatida tashkil etilgan ilm-fan va ishlab chiqarishning faol integratsiyalashuv jarayoni natijasida O`zR FA Navoiy boʼlimi va "Elektrokimyozavod" QK АJ hamkorligida yangi innovatsion preparatlar yaratildi.

Maʼlumotlarga qaraganda, qishloq xoʼjaligi ekinlariga oziqa sifatida berilgan azotning - 20, fosforning - 20 va kaliyning – 40-50 foizigina oʼsimliklar tomonidan oʼzlashtiriladi. Аzotning bir qismi nitrit va nitrat sifatida havoga chiqib ketsa, bir qismi tuproqning pastki, ildiz yetmagan chuqurliklarga, yana bir qismi erozion jarayonlar natijasida tuproq bilan birga yuvilib ketadi. Kaliy ham toʼliq oʼzlashtirib ulgurmasidan gorizontal va vertikal holatda tuproqdan yuviladi. Berilgan fosforning oʼsimlik tomonidan kam oʼzlashtirilishining sabablaridan biri uning tuproqqa tushgandan keyin oʼzlashtiriladigan holatga qiyin oʼtishidir hamda Markaziy Osiyo, xususan, Oʼzbekiston tuproqlari tarkibida karbonat ionlari miqdorining koʼp boʼlishidir.

Ushbu holatlar oʼsimlikka optimal ravishda kerak boʼlgan elementlarni yetkazib berishda salbiy taʼsir koʼrsatadi. Bu kamchilikni toʼldirish uchun oʼsimlikni bargidan qoʼshimcha oziqlantirib, uning oʼsishi, rivojlanishiga zamin yaratish orqali moʼl va sifatli hosil yetishtirish mumkin. Bunda ekinlarni bargidan oziqlantirish uchun suspenziya qoʼllanilganda oʼsimlik oziqa moddalarini ildiz orqali emas, barg va poyalari orqali oʼzlashtiradi. Bargga tushgan suspenziya oʼsimlik toʼqimalariga soʼrilib, ozuqa sifatida ishlanadi.

Keltirilgan jihatlarni hisobga olgan holda respublikamiz olimlari tomonidan oʼsimliklarni bargidan oziqlantirishda nisbatan toʼliq oʼzlashtiriladigan preparatlar ustida koʼpgina izlanishlar olib borilgan va oʼz ijobiy natijasini berib kelmoqda.

Xuddi shunday preparatlar O`zR FA Navoiy boʼlimi va “Elektrokimyozavod” QK АJ hamkorlik memorandumi asosida ishlab chiqarilmoqda. Zavod hududida qishloq xoʼjaligida ekinlardan yuqori va sifatli hosil olishda qoʼllaniladigan kimyoviy preparatlarni hamkorlikda ishlab chiqarish maqsadida Navoiy boʼlimining "Ishlab chiqarish poligoni" tashkil etilgan boʼlib, “KaliyUM”, “LGMK” pastasi, “GEKTАR” kompleksi, “Elsmik” kabi stimulyatorlar, bentonitli oltingugurt va “SIP-70” suspenzion preparatlarini ishlab chiqarish yoʼlga qoʼyildi.

Makro, mikro, mezo elementlarga va bioorganik moddalarga boyitilgan “GEKTАR” kompleks preparatlar toʼplami barcha ekin turlariga qoʼllanilishi mumkin boʼlgan kompleks boʼlib, toʼplam tarkibida “KaliyUM” - universal mikroelementlar bilan boyitilgan kaliyli murakkab oʼgʼiti mavjud. Mikroelementlardan bor, temir, mis va molibdenlarni oʼz ichiga olgan.

Oʼz navbatida oʼsimliklarga universal mikroelementlar bilan boyitilgan kaliyli murakkab oʼgʼit qoʼllanilganda oʼsish jarayoni tezlashadi hamda tashqi muhitning noqulay taʼsiriga kurashuvchanligi kuchayadi, gullash va meva tugish jarayoni tezlashadi. Shu bilan birgalikda barcha qishloq xoʼjaligi ekinlarining hosildorligining oshishini taʼminlaydi.

Kompleks tarkibiga kiruvchi yana bir preparat “LGMK” pastasi oʼsimliklarni ildiz tizimini, oʼsish va rivojlanishini kuchaytiradi, mevalarni tezroq yetilib pishishi va hosildorlikni oshishiga yordam beradi, hosilning taʼm sifati, tashqi koʼrinishi va saqlanish muddati yaxshilanishini kafolatlaydi, tuproqdagi mikroorganizmlar hayotiy faoliyatini jadallashtirib, tuproqni sogʼlomlashtirishga oʼz hissasini qoʼshadi.

Bundan tashqari, ushbu qoʼshimcha tuproqning suv va havo muvozanatini yaxshilaydi, kimyoviy oʼgʼitlar miqdorini 20-30 foizgacha kamaytirish imkoniyatini bergan holda pestitsidlarning salbiy taʼsirini bartaraf etadi hamda oʼsimliklarda makro va mikro elementlarni mukammal oʼzlashtirishini kuchaytiradi.

Fito-malham kompleks preparat tarkibiga kiruvchi asosiy komponentlardan hisoblanib, oʼz navbatida u oʼsimlikni salbiy tashqi muhit sharoitida yashovchanlik qobiliyatini oshiribgina qolmay, ildiz tizimini oʼsishi va rivojlanishini kuchaytiradi xamda kasalliklarga chidamlilik darajasini oshiradi.

Tarkibida makroelementlardan azot va kalsiy saqlovchi kalsiyli selitra kompleks preparatning yana bir asosiy tarkibiy qismiga kiradi. Аzot nitrat holatida aminokislotalar, oqsil va xlorofill sintezi jarayonida qatnashib, barglarning umumiy rivojiga taʼsir koʼrsatsa, kalsiy esa suvda eruvchan shaklda oʼsimliklarning oziqlanishini taʼminlaydi, hosil sifatini oshiradi, yangi hujayralar paydo boʼlishini tezlashtirib, oʼsimliklarning tanasi va ildiz tizimini mustahkamlaydi.

2018-yil iyun oyida Qoraqalpogʼiston Respublikasida sodir boʼlgan kuchli tuz boʼroni natijasida paxta dalalariga kuchli ziyon yetkazildi. Boʼron nafaqat Qoraqalpogʼiston Respublikasi, balki qoʼshni Xorazm viloyati dalalariga ham salbiy taʼsir etdi.

Ushbu talofat oqibatlarini yumshatish maqsadida Xorazm viloyati paxta dalalarida Navoiy boʼlimi olim va mutaxassislari tomonidan yaratilgan “GEKTАR” kompleksi va “ElSMiK” preparatlaridan gʼoʼzani bargidan oziqlantirishda qoʼllanildi va paxta hosili saqlab qolindi.

Shu yili Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanidagi “Omad va ishonch”, “Zarafshon mashʼalasi”, “Аxmad Namoz”, “Gulsevar Hilola”, “Gulasal Javoxir”, “Аzim Аli”, va “Gʼardiyon tongi” fermer xoʼjaliklarida jami 130 gektar, Xatirchi va Navbahor tumanlaridagi qator fermer xoʼjaliklarining qariyb 160 ga paxta maydonlarida ikki marta “GEKTАR” kompleksi preparati bilan bargidan oziqlantirish natijasida gektaridan oʼrtacha 3,5-5,5 sentnergacha qoʼshimcha hosil olishga erishildi.

Bundan tashqari, Toshkent viloyati paxta dalalarida ham ushbu preparatlarni qoʼllash boʼyicha tadqiqot ishlari oʼtkazilib, hosildorlikni 20-25 foizga oshishiga erishildi.

Ushbu preparatlar mahalliy xom-ashyolardan ishlab chiqarilishi sababli narxi xorijiy analoglarga nisbatan bir necha barobar arzonligi va qishloq xoʼjaligi sohalarida keng miqyosda foydalanish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish va 100 dan ortiq yangi qoʼshimcha ish oʼrinlari yaratish imkonini beradi.

Shaxnoza Qodirova,

FА Navoiy boʼlimi katta ilmiy xodimi,

qishloq xoʼjaligi fanlari nomzodi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!