Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Mingtepada arxeologik tadqiqotlar


OʼzR FА Milliy arxeologiya markazi xodimlari Аndijon viloyati Marxamat tumanidagi Mingtepa arxeologik yodgorligida arxeologik tadqiqot ishlarni olib bormoqdalar.

Yodgorlik hozirgi Marhamat shahrining sharqiy chegarasiga tutashib ketgan. Mahalliy aholi tepaliklar koʼp boʼlgani uchun uni Mingtepa deb ataydi. Bu shahar xarobasi Fargʼona vodiysining antik davri yodgorliklari ichida eng yirigidir. Shahar uch qismdan iborat: ark, ichki va tashqi shahar. Ichki shahar maydoni 41 gektar, yodgorlik tashqi shahar bilan qoʼshib hisoblaganda 270 gektardan ziyod.

Maʼlumki, Xitoy yilnomalari qadimgi Fargʼona podsholigi Davanda 70 dan ortiq katta va kichik shaharlar boʼlgan deb xabar beradilar. Manbalarda ulardan uchtasining nomlanishi aytib oʼtiladi: Ershi, Yuchen va Guyshan. Mingtepa shahar xarobasini dastlab А.N. Bernshtam podsholik poytaxti Ershi boʼlishi kerak, deb fikr bildirgan. Xitoy manbasiga asosan, Ershi – Mingtepa birinchidan, vodiy sharqiy tomonida joylashgan; ikkinchidan, Mingtepada xitoylar bostirib kirgan paytdagi (mil. avv. II asr) qalin madaniy qatlamlar va ular qamal qilgan devorga juda oʼxshaydigan mudofaa inshootlari (ichki va tashqi devorlar) mavjud; uchinchidan, antik davrning Mingtepachalik ulugʼvor va katta yodgorlik vodiyda hozircha topilgani yoʼq.

Mingtepa bizni fikrimizcha “katta shahar” (Xitoychada “dao chen”) tipidagi shaharlar qatoriga kiradi. Xitoy manbalari xabaricha Davanda ikki qator himoyalangan shaharlar boʼlgan. Hozirda olib borilgan arxeologik natijalar Mingtepani ana shunday shaharlar qatoriga kiritishga asos boʼladi. Taʼkid joiki, birorta Xitoy manbasida boshqa birorta davlatni poytaxti degan termin uchramaydi. Xitoyliklar Ginshi termini bilan oʼz davlatlari poytaxtlarinigina tushinganlar. Boshqa davlatlar poytaxtlarini du yaʼni rezidentsiya deb ataydilar.

Shahar rejasi samodan qaraganda parallelogramm koʼrinishga ega, kishini ikki qator mahobatli mudofaa inshootlari va ulardagi burjlar hayratga soladi. Oʼtgan asrning 50-yillarda olingan rejasida ark, ichki va tashqi shahar aniq koʼrinadi, keyincha ularni koʼplari buzib yuborilgan. Ichki shaharga kirish uch yoki toʼrt tomondagi darvozalardan boʼlgan, asosiy darvoza esa gʼarbiy mudofaa devorining oʼrta, yaʼni 10-11 burjlar orasidagi qismida joylashgan.

 

2021-yilgi ilmiy qidiruv ishlari yodgorlikning gʼarbiy darvozasi, deb taxmin qilingan qismida, mudofaa devori va kuzatuv minoralari oʼlchamlariga aniqlik kiritish va ularni kelgusida ustini yomgʼir va qordan asrash uchun yopib muzeyga aylantirish maqsadida tadqiqotlar olib borilmoqda. Bundan tashqari, yodgorlik tashqi shahar qismida, yaʼni gʼarbiy devor tashqarisidagi tashqi devorning ichki qismlarida kuzatuv shurflari qazilmoqda. Аsosiy maqsad koʼhna shaharning stratigrafiyasi, mudofaa tizimi, xunarmandchiligi, sanʼati toʼgʼrisida yangi maʼlumotlar qoʼlga kiritishdan iborat.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!