Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Ipak qurti gʼumbagidan ozuqa olish texnologiyasi ishlab chiqildi


Oʼzbekistonda baliqchilik va parrandachilikni rivojlantirishda yangi, zamonaviy “intensiv” texnologiyalarni takomillashtirishdagi asosiy toʼsiqlardan biri ozuqalarning, birinchi galda beqiyos aminokislotalar, proteinga boy hayvon oqsili asosidagi ozuqalarning yetishmasligidir.

Ipakchilik sanoati chiqindilaridan oqsillarni ajratib olish texnologiyasi respublikamiz uchun istiqbolli hisoblanib, toʼyimli oqsil saqlovchi ozuqalar olish va ipakchilik sanoati chiqindilaridan xalos boʼlish imkoniyatini beradi.

Ipakchilik chiqindilaridan oqsil mahsulotlarini ishlab chiqarish zaharsiz boʼlib, foydali jihatlari mavjud. Hozirgi vaqtda ipak qurti gʼumbagidan oqsilni ajratib olish, tozalash, quritish va sterillash bosqichlarini jamlagan texnologiya yoʼlga qoʼyilmagan. Maʼlum boʼlgan barcha usullar doimiy saqlash uchun yaroqli boʼlmagan biologik materialni maʼlum darajagacha ajratib olinishi bilan chegralanadi. Shu sababli, ipakchilik sanoati chiqindilarini qayta ishlashning ulardan olinadigan barcha foydali komponentlarni toʼliq qoʼllash imkoniyatini beruvchi texnologiyasini yaratish dolzarb hisoblanadi.

OʼzR FA Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti olimlari tomonidan ipak qurti gʼumbagidan oqsil va uning asosida toʼyimli, proteinga boy ozuqa olish texnologiyasi ishlab chiqildi.

Ishlab chiqilgan oqsil ajratib olish texnologiyasi bir necha texnologik bosqichlardan tashkil topgan boʼlib, u organik reagentlar vositasida yogʼlar va pigmentlarni ekstraktsiyalash, deproteinlash, choʼktirish, tozalash va quritish jarayonlarini oʼz ichiga oladi.

Tozalangan oqsilning tarkibini oʼrganish natijasida uning tarkibida 16 xil aminokislotaning mavjudligi va ulardan 9 tasi - valin, izoleytsin, leytsin, lizin, arginin, gistidin, metionin, treonin, fenilalanin noyob aminokislotalar ekanligi qayd etildi va patent olindi.

Ishlab chiqilgan texnologiya asosida OʼzR FA Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti texnologik laboratoriyasi sharoitida mahalliy mahsulot - Bombyx mori ipak qurti gʼumbagidan oqsil partiyalari ishlab chiqarilib, parrandalar va baliqlar ozuqalarida qoʼllash boʼyicha sinovlar oʼtkazildi.

OʼzR Baliqchilikni rivojlantirish markazida ipak qurti oqsilini baliqlarni intensiv usulda koʼpaytirishda qoʼllash boʼyicha olib borilgan tajribalar natijasida karp baligʼini sanoat miqyosida yetishtirishdagi unumdorlik 20 kg/m3 ga yetganligi, mazkur natija belgilangan meʼyoriy talablar hamda yaxshi baliq yetishtiruvchi xoʼjaliklardan yuqori ekanligi aniqlandi. Bunda oziqlantirish koeffitsienti 2,1 ga teng boʼlib, mavjud boshqa oqsillar ozuqa koeffitsientlaridan ikki barobar samaralidir.

Oqsilning samaradorligini aniqlash boʼyicha sinovlar Qashqadaryo viloyatining Parrandachilik ilmiy-tadqiqot stantsiyasi va “Koson goʼsht-sut mahsulotlari” MChJ parrandachilik xoʼjaligida ham olib borildi. Oqsilni sinovdan oʼtkazish jarayonida uni ozuqa tarkibida 0,5 % miqdorda qoʼllash tuxum olish unumdorligining 48 % ga, goʼsht hajmining 50- 55 % ga ortishiga olib keldi.

Oqsilni baliqlar va parrandalar bioozuqasi tarkibidagi faol qoʼshimcha sifatida qoʼllash uning hozirgi vaqtda bozorda mavjud boʼlgan hayvon oqsili asosidagi ozuqalarga nisbatan samarali ekanligini koʼrsatdi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!