Joriy yil 24-iyun kuni Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamda Namangan muhandislik-texnologiya instituti hamkorlikda “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energeya samaradorligini oshirishga qaratilgan avtomatlashtirish va energetika muammolarini yechishda ilgʼor innovatsion texnologiyalar va taʼlimning oʼrni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʼtkazildi.
Mazkur konferensiya “Yoshlarni qoʼllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash” hamda fizika fanini rivojlantirish yili munosabati bilan tashkil etildi.
Unda Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Bekzod Yuldoshev, akademik Saʼdulla Baxramov, vitse-prezident Sirojiddin Mirzayev respublikamizning turli hududlari hamda Malayziya, Pokiston, Hindiston, Janubiy Аfrika Respublikasi, Norvegiya, Belorus va Rossiya kabi davlatlarning nufuzli taʼlim muassasalari yetakchi olimlari oflayn va onlayn tarzda ishtirok etib, oʼz tajribalari va fikr-mulohazalari bilan oʼrtoqlashdi.
Konferensiya doirasida FА prezidenti B.Yuldashev, akademik S.Baxramov hamda vitse-prezident S.Mirzayev yosh olimlar bilan uchrashdi. Fanlar akademiyasi tomonidan bunday uchrashuvlar respublikamiz miqyosida tez-tez oʼtkazilib kelinmoqda. Bu yoshlarni ilm-fanga jalb qilish, ularni fanning eng muhim yoʼnalishlari, yangi ilmiy-tadqiqot ishlari bilan yaqindan tanishtirish, kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.