Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Bugun tug'ilgan kun! Akademik Ramizulla Mo'minov


Bugun, 24-oktyabr kuni O'zR FA akademigi Ramizulla Mo'minov Abdullayevich tavallud topgan kun!

O'zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, fizika-matematika fanlari doktori, professor Ramizulla Mo'minov 1941-yil 24-oktyabrda Toshkent viloyatida tug'ilgan.

Akademik 1963-yilda Toshkent davlat universitetini (hozirgi O'zMU) tamomlagan. O'zR FA Fizika-texnika institutida ilmiy xodim, direktor o'rinbosari, maxsus konstruktorlik byurosi direktori lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Ilmiy ishlari qattiq jismlar fizikasi, yarimo'tkazgichlar va dielektriklar fizikasi va shular asosida asbob-uskunalar yaratishga oid. U qattiq jismlarda tashqi ta'sirlar — kuchli impuls magnit maydoni, ultratovush to'lqinlari kabi ta'sirlar yordamida butunlay yangicha fizik jarayonlar keltirib chiqarish usullarini birinchi bo'lib rivojlantirdi. Uning izlanishlari natijalari asosida yadro nurlarini o'lchovchi — yarimo'tkazgich detektorlari, lazerlar, quyosh nurini elektr energiyasiga aylantiruvchi asbob-uskunalarni ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi. Bu asbob uskunalar fazo va suv osti kemalarida, termoyadro sintezi qurilmalarida keng qo'llanilmoqda.

Hozirgi kunda akademik Ramizulla Mo'minov O'zR FA  Fizika-texnika institutida labaratoriya mudiri vazifasida faoliyat olib bormoqda.

Akademik Ramizulla Abdullayevichni bugungi tavallud ayyomi bilan Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi nomidan samimiy muborakbod etamiz. Uzoq yillar mamlakatimiz ilm-fani rivojida oʼz hissalarini qoʼshishda, yoshlarga ilm ziyosini taratishda charchamasliklarini, hamisha yaqinlari va shogirdlari ardogʼida sihat-salomatlikda uzoq umr koʼrishlarini tilab qolamiz!


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!