Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Akademik To'ra Mirzayev


Taniqli folklorshunos olim, O'zR FA akademigi To'ra Mirzayev 1936-yil 6-martida Buxoro viloyati, Shofirkon tumanida tug'ildi. 1957-yili Buxoro davlat pedagogika institutini tugatib, Surxondaryo viloyati, Jarqo'rg'on tumani 22-son o'rta maktab o'qituvchisi sifatida o'z faoliyatini boshladi. 1961-1963-yillarda O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti aspiranturasida tahsil oldi, 1965-yilda nomzodlik, 1986-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 2017-yilda O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a'zosi etib saylandi.

Iste'dodli olim o'zining qariyb 65 yillik ilmiy pedagogik va tashkilotchilik faoliyati davomida Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti kichik, katta ilmiy xodimi, sektor mudiri, direktori, Fanlar akademiyasi ijtimoiy-gumanitar fanlar bo'yicha vitse-prezidenti va umrining oxirigacha O'zbek tili, adabiyoti va folьklori instituti yetakchi ilmiy xodimi sifatida samarali mehnat qilib, yurtimizda adabiyotshunoslik, folklorshunoslik fanlari sohasidagi dolzarb masalalarni tadqiq etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qo'shdi.

T.Mirzayev xalq og'zaki badiiy ijodiyotini keng ko'lamda tadqiq etishdan iborat fundamental ilmiy maktabga asos solgan yirik fan tashkilotchisi, eposshunoslikning ko'plab nazariy masalalarini xalqaro darajada hal qilgan, o'zbek xalq dostonlarini barcha variant va versiyalari asosida kompleks o'rganishdan iborat yangi ilmiy yo'nalishga asos solgan taniqli folьklorshunos olim edi.

Uning ilmiy izlanishlari o'zbek folklorining janrlar tarkibi va tarixiy taraqqiyoti, folklor nazariyasi, folklorshunoslik tarixi, folklor asarlarini to'plash, sistemalashtirish va nashr etish, folklor tekstologiyasi va hozirgi tarixiy-folkloriy jarayon sohalariga bag'ishlangan.

U “O'zbek folklori va adabiyoti tarixi” 15 jildligini yaratish”, “O'zbek folklori va adabiyoti tarixi” ilmiy-amaliy loyihalarini bajarishga rahbarlik qilgan. Uning bevosita ishtiroki va rahbarligida “Alpomish” dostoni, “O'zbek xalq maqollari”ning akademik nashrlari, “O'zbek xalq ijodi” ko'ptomligi, “O'zbek folklori ocherklari”, “O'zbek xalq ijodi bo'yicha tadqiqotlar” kabi kitoblar chop etilgan.

Akademik T.Mirzayevning folklorshunoslik sohasining nazariy va amaliy masalalariga bag'ishlangan ilmiy maqolalari, ko'plab kitob va monografiyalari yurtimiz va xorij olimlariga yaxshi ma'lum.

Jonkuyar ustoz sifatida ko'plab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq bergan zahmatkash olimning bevosita rahbarligida o'nlab fan doktorlari va fan nomzodlari tayyorlangan.

Akademik T.Mirzayevning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U Beruniy nomidagi O'zbekiston Respublikasi davlat mukofoti sovrindori, “O'zbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni, “Do'stlik” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan.

Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson To'ra Mirzayevning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!