Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623
Sayt test rejimida ishlamoqda

“Suffa” radioobservatoriyasi faoliyatiga bagʻishlangan xalqaro anjuman oʻz ishini boshladi


2018 yil 27 avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Prezidiumi binosida “Oʻzbekistondagi Suffa yassi togʻida joylashgan radioobservatoriyaning bugungi holati va istiqbollari” nomli xalqaro anjumani ochilishi boʻlib oʻtdi. Anjuman Oʻzbekiston va Rossiya Fanlar akademiyalari tomonidan har ikkala mamlakat hukumatlarining topshirigʻiga asosan tashkil etildi.

Barpo etilayotgan “Suffa” Xalqaro radioastronomik observatoriya (XRAO) Toshkentdan 200 km janubi-gʻarb tomonda Suffa yassi togʻida joylashgan. Observatoriyaning asosiy ilmiy asbobi sifatida antennasining diametri 70 metr boʻlgan radioteleskopni oʻrnatish koʻzda tutilgan boʻlib, u radiotoʻlqinlarning millimetrli diapazonida ishlaydi. Suffa yassitogʻida radioobservatoriyani qurish ishlari 1982 yilda boshlanib, 8 yil davomida uning eltuvchi minorasi qurib bitkazilgan edi. 90-yillarning boshida observatoriya qurilishi moliyaviy sababdan toʻxtatib qoʻyildi. Shunga qaramasdan, 1995 yilda “Suffa” Xalqaro radioastronomik observatoriyasi qurilishini tugallash haqida Oʻzbekiston va Rossiya hukumatlararo kelishuvi imzolandi. 2007 yilda Uzbekiston tomoni yordamchi infrastrukturani yaratish boʻyicha ishlarni boshlab yubordi, lekin RT-70 radioteleskopi konservatsiya rejimida edi.

“Suffa” Xalqaro radioastronomik observatoriyasi (XRAO)ni yaratish loyihasi Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tashabbusi amalga oshirilmoqda. Shu yilning iyun oyida Rossiya Fanlar akademiyasi prezidenti Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. Bu tashrif asosan RT-70 radioteleskopni qurib bitkazishga bagʻishlangan edi.Shuni taʼkidlash lozimki, Rossiya FA prezidenti Aleksandr Sergeyev RT-70 ning holatini “yaxshi” deb baholagandi. U ikki davlat rahbarlari Suffa yassitogʻidagi radioteleskop va boshqa inshootlar qurilishi xalqaro observatoriya doirasida oxiriga yetkazishga qaror qilganligini ham tasdiqladi va ishlar 2019 yilda boshlanishini aytdi. Tashrif davomida tomonlar 2018 yilda “Suffa” Xalqaro radioastronomik observatoriyasini qurilishini qayta boshlashga bagʻishlangan anjuman oʻtkazishni ham rejalashtirgan edilar. Mana bugun anjuman oʻz ishini boshladi.

  

Anjumanning asosiy maqsadi– “Suffa”XRAO ning faoliyatini tiklash boʻyicha mavjud muammolarini tahlil qilish, shunday murakkab xalqaro ilmiy obyektni qurish bilan bogʻliq koʻplab ilmiy, texnikaviy va tashkiliy muammolarga amaliy yechim topish, ushbu loyihada uchinchi davlatlarning ishtiroki imkoniyatlarini oʻrganish, shuningdek, astrofizika va radioastronomiya sohasida xalqaro fundamental tadqiqotlarni rivojlantirishga qaratilgan.

Anjumanning birinchi kunidagi yalpi yigʻilishda “Suffa” XRAOning hozirgi holati haqida, shuningdek XXI asrdagi yer usti va kosmik radioastronomiyaning submillimetr sohasidagi rivojlanish yoʻnalishlari va Maydanak observatoriyasining zamonaviy holati va kelgusidagi rivojlanishihaqida maʼruzalar tinglanadi. Anjumanning shoʻʼbalari “Suffa” XRAO si majmuasini loyihalashtirishdagi texnik muammolarga, diametri 70m lik parabolik antennasini qurishga, radioastronomiyadagi yangi texnologiyalar va RT-70 radioteleskopining ilmiy maqsadini muhokama qilishga bagʻishlangan.

  


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!