Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Urushdаn besh oʼgʼli qаytmаgаn yanа bir oilа hаqidа


Fashizm ustidan qozonilgan Gʼalabaning 75 yilligiga ham sanoqli kunlar qoldi. Oʼsha yillari urush daxl etmagan biron bir xonadon, oila boʼlmagan. Farzandiga non tishlatib, ularni bagʼriga yana bir bor bosolmagan ota-onalar, aziz yorini kutib, chirogʼini oʼchirmagan ayollar, yaqinlarini yoʼqotgan jigarbandlar, ota bagʼrini bilmagan farzandlar, buvasiz oʼsgan nevaralar – bularning bari aytishga oson...

Ular orasida qator farzandlari frontdan qaytmagan oilalar ham koʼp boʼlgan. Mashhur Zokirovlar oilasi kabi besh farzandi frontga ketib, ulardan birontasi qaytmagan yana bir oila – Ibrohimovlardir. Ularning nomlari Toshkent shahridagi 64-maktab hududida joylashgan yodgorlikdan oʼrin olgan: Hakim, Rahim, Haydar, Habib, Аnvar.

Oila haqida 1995-yili chop etilgan Oʼzbekiston Respublikasi xotira majmua-kitobining 294–295 betlarida “Братья Ибрагимовы (Аka-uka Ibrohimovlar)” maqolasini oʼqir ekansiz, ularning oʼz uyiga yoʼllagan xatlarida jangchining Gʼalabaga ishonchini his etasiz. Shu bilan birga “men hali tirikman va sogʼman” degan soʼzlar yaqinlarini xotirjam qilish uchungina aytilgandir. Аmmo uning ortida insonni ayovsiz janglardan keyin hayot ekanligiga shukronaligi, urushni yakunlab Vatanga qaytish umidi ifodalangan edi. Biroq, ular qaytishmadi...

Muallifi koʼrsatilmagan bu maqola eʼlon qilinganligiga ham 25 yil boʼldi. Аka-uka Ibrohimovlarning yaqinlarini izlash boʼyicha olib borilgan ishlar hozircha natija bermadi. Shu sababdan mazkur masala bilan shugʼullanayotgan Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi Oʼzbekistonning eng yangi tarixi masalalari boʼyicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz aka-uka Ibrohimovlar haqida maʼlumotlarni toʼldirish, suratlar va boshqa materiallar bilan tanishish hamda bu haqda alohida izlanish ishlarini olib borish maqsadida ularni bilgan, tanigan vatandoshlarimizdan ushbu xayrli ishga oʼz hissalarini qoʼshishlarini soʼraydi.

Umumiy maʼlumotlar:

Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi Markaziy arxivi maʼlumotlari asosida 2 farzand Samarqandda tugʼilganligi, otalarining ismi – Husayn, onalari – Gulbonu (Gulbanu, Guliya) Galievna ekanligi, onalarining yashash manzili – hozirgi Mirzo Ulugʼbek tumani Oloy (oʼsha vaqtda Kuybishev rayoni, Pochtovaya) koʼchasi, 25- uy ekanligi aniqlandi. Urushdan keyingi yillarda bu koʼchada koʼp qavatli binolar qurilgan hamda bu raqam bilan uy mavjud emasligi maʼlum boʼldi.

Farzandlar haqida maʼlumotlar:

Ibragimov Аnvar – 1938-yili armiyaga chaqirilgan, u chegara qoʼshinlarida xizmat qilgan, urush yillari ofitserlik kurslarini tamomlagan. 1946-yili katta leytenant А.Ibragimov chegarani qoʼriqlayotganda halok boʼlgan. Аnvar Ibragimovga oid qoʼshimcha maʼlumot aniqlanmaganligi uchun otaning ismi qayd etilmadi. Sababi, farzandlarning birida otasiga oid maʼlumot Xuseinovich, boshqalarida Xusainovich tarzida berilgan.

Ibragimov Raxim Xusainovich – 1909-yili tugʼilgan, 1941-yilgacha u texnikumni bitirib, Moskva moʼynachilik fabrikasining Buxoro qorakoʼlchilik zavodida direktor boʼlib ishlagan. Unga “Hurmat belgisi” ordeni berilgan. Uylangan va Termizdan koʼngilli boʼlib frontga ketgan. U Qizil Bayroqli 95-gvardiyachi oʼqchi diviziyasi, 290-gvardiyachi oʼqchi polki, 3-oʼqchi rota qoʼmondoni, gvardiyachi leytenant boʼlgan. 2-Ukraina frontida jang qilgan R.Ibragimovning oxirgi xatida 1944 yilning 7 aprelь sanasi qoʼyilgan. U 1944-yil 4-mayda halok boʼlgan. (TsАMO RF, F. 33, Op. 690155, D. 281, L. 11;  F. 33, Op. 11458, D. 249, L. 18)

Ibragimov Xakim Xusainovich – 1912-yili tugʼilgan, 1935-yili armiyaga chaqirilgan, undan oila oxirgi xatni 1941-yilning avgustida olgan. Hujjatda yozuv bilan 1944-yilning aprel oyida bedarak yoʼqolganligi qayd etilgan. (TsАMO RF, F. 58, Op. 977520, D. 259, L. 4)

Ibragimov Xabib Xusainovich – 1915-yili tugʼilgan, 1939-yili armiyaga chaqirilgan, Fin urushi qatnashchisi, Belorussiyada jang qilgan. 1941-yil sentabrida bedarak yoʼqolganligi sababli uning nomiga qoraxat olingan. (TsАMO RF, F. 58, Op. 18004, D. 630, L. 10)

Ibragimov Xaydar Xuseinovich – 1921-yili tugʼilgan, 1944-yilning yanvarida Ukrainani ozod qilishda halok boʼlgan. Katta serjant, snayper X.Ibragimov Termizdan chaqirilgan. (TsАMO RF, F. 33, Op. 686044, D. 3165, L. 2)

 

 Murojaat uchun telefon: 71-233-37-01,

Haftaning dushanba-juma kunlari soat 09.00 dan 18.00 gacha.

Elektron pochta manzili: tmarkaz@academy.uz, engyangitarix@mail.ru


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!