“Xalqaro Tabiatni Muhofaza Qilish Ittifoqining (IUCN) Qizil ro‘yxat mezonlarini qo‘llash bo‘yicha uslubiy yondashuvlar” mavzusidagi xalqaro seminar o‘z ishini boshladi

 Fanlar akademiyasi Botanika institutida O‘zbekistonda IUCN Qizil ro‘yxat mezonlari bo‘yicha “Xalqaro Tabiatni Muhofaza Qilish Ittifoqining (IUCN) Qizil ro‘yxat mezonlarini qo‘llash bo‘yicha uslubiy yondashuvlar” mavzusidagi xalqaro seminar o‘z ishini boshladi.

 

Tadbir IUCN, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va Jahon banki hamkorligida tashkil etilmoqda. Unda IUCNning xalqaro missiyasi vakillari, biologik xilma-xillikni saqlash yo‘nalishida yetakchi xorijiy olimlar, qo‘shni davlatlardan kelgan mutaxassislar, xalqaro ekspertlar hamda O‘zbekistonning barcha viloyatlaridan 40 dan ortiq mutaxassislar ishtirok etmoqda.

Tadbirning ochilishida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Shaxlo Turdiqulova seminar 2025-yil — “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” doirasida amalga oshirilayotgan qator ilmiy-amaliy tashabbuslarning muhim bosqichi ekanini ta’kidladi.
IUCN bosh direktori Grethel Aguilar o‘z tabrigida biologik xilma-xillikni muhofaza qilish bugungi kunda dunyo miqyosida dolzarb masalaga aylanganini alohida qayd etdi hamda O‘zbekistonning bu yo‘nalishda olib borayotgan islohotlari tahsinga loyiq ekanini e’tirof etdi.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, mazkur seminar O‘zbekiston Qizil kitobining yangi — oltinchi nashrini tayyorlash jarayonida muhim metodik asos va amaliy yo‘riqnoma bo‘lib xizmat qiladi. Yangi nashrda kiritiladigan barcha biologik turlar ilk bor to‘liq IUCNning xalqaro mezonlari asosida baholanmoqda. Bu esa mamlakatimiz biologik resurslarini global standartlarga muvofiq himoya qilish yo‘lida muhim qadam sanaladi.

Seminar ishi bugun ham davom etadi.

Ma’lumot uchun: IUCN tomonidan ishlab chiqilgan Qizil ro‘yxat hozirgi kunda yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan turlarni aniqlash va baholashda eng ishonchli va ilmiy asoslangan mezon sifatida tan olingan. Ushbu mezonlar nafaqat global ekologik siyosatni shakllantirishda, balki xalqaro resurslarni safarbar etishda va xavf ostidagi turlarni muhofaza qilishda asosiy vosita bo‘lib xizmat qiladi.