Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov boshchiligidagi olimlar jamoasi – Milliy arxeologiya markazi direktori Farhod Maqsudov, boʻlim boshliqlari Durdona Murodova va Malika Toʻxtayevalar Polshadagi Varshava universiteti Arxeologiya fakulteti taklifiga binoan Varshavada xizmat safarida bo‘ldilar.
Ushbu tashrif doirasida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazida Varshava universiteti bilan hamkorlikda Arxeologik tahlil laboratoriyasini tashkil etish boʻyicha ikki tomonlama shartnoma imzolandi.
Mazkur tashabbus ERC Consolidator granti doirasida amalga oshirilayotgan INASIA – "Ular zamonaviy odamlar boʻlganmi? Gʻarbiy Markaziy Osiyoda yuqori paleolit muammosi" nomli loyiha asosida olib borilmoqda. Loyiha Varshava universiteti Arxeologiya fakultetida professori Małgorzata Kot rahbarligida amalga oshirilmoqda.
Varshava universiteti Arxeologiya fakulteti va Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi oʻrtasidagi koʻp yillik hamkorlik samarasi sifatida olimlarimiz ushbu yangi laboratoriya uchun tayyorlab berilgan maxsus xonalardan foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi. Laboratoriyaning jihozlanishi va zarur uskunalar bilan taʻminlanishi loyiha byudjeti doirasida ajratilgan grant mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
Laboratoriyaning tashkil etilishi nafaqat loyiha doirasidagi rejalarni amalga oshirishga xizmat qiladi, balki uzoq muddatli, chuqurlashtirilgan hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratadi.