Urugʼsiz uzumning milliy brendi yaratiladi

Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazida oʼzbek kolleksiyasidagi Oʼrta Osiyo seleksiya uzum navlarining DNK markerlaridan foydalangan holda molekulyar-genetik pasportizatsiyalash amalga oshirildi. Tahlil natijasida mavjud kolleksiyadan 255 tasi oʼzbek, 166 ta tojik, shuningdek, 43 ta nav namunalari turkman va qirgʼiz seleksiyasiga mansubligi aniqlandi. Markaziy Osiyo seleksiyasi navlari tasniflangan maʼlumotlaridan foydalanib 15 ta qimmatli xoʼjalik belgilari boʼyicha statistik tahlillar oʼtkazildi. Ushbu tahlil natijasida oltita belgi boʼyicha oʼrganilayotgan navlarning sifat tarkibini aniqlashga imkon berdi (vinobop, xoʼraki va universal).

Shuningdek, uzum navlarini genotiplash, ularning genetik xilma-xilligini baholash va 9 neytral mikrosatellit markerlari yordamida shtrix-kodlash ishlari olib borildi. Kolleksiya tahlili natijasi shuni koʼrsatdiki, mikrosatellit markerlar toʼplamida oʼrganilgan namunalar bir-biridan 2% -87% gacha farq qiladi. Polimorfik allellar va ularning oʼlchamlari boʼyicha olingan maʼlumotlarga asoslanib, Markaziy Osiyo seleksiyatsiyasining 203 navi uchun boshlangʼich genetik toʼplam (pasport) aniqlandi. Ushbu genetik toʼplam GENRES 081 xalqaro standarti boʼyicha kodlangan. Bundan tashqari, oʼrganilgan uzum namunalarini baholash asosida veb-interfeysga ega maʼlumotlar bazasi tayyorlandi.

Shu bilan birga, Markaz tomonidan tizimli ravishda in vitro usulida uzum koʼchatlari yetishtirib berishda foydalaniladigan sunʼiy ozuqa muhitlari ishlab chiqilib, quyidagi istiqbolli sharobbop, ekstportbop uzum navlarini koʼpaytirish yoʼlga qoʼyilgan. Shu asosda ushbu navlar: Shardone; Pino-gri; Sovinon; Kaberne; Dyubre De-Marsel; Puke; Malvaziya krasnaya; Аlfons lavale. Roi koʼpaytirilmoqda. Markazda qadimiy Amir Temur davridan qolgan oʼzbek uzum navlarining 2500 ta virussiz koʼchatlari tayyorlandi va fermer xoʼjaliklariga topshirildi. Oq dum va Qizil dum navlarining 1000 tasi Xatirchi tumaniga (Navoiy viloyati), 500 tasi Oltinsoy tumaniga (Surxondaryo viloyati), 1000 tasi Chust tumaniga (Namangan viloyati) yetkazib berildi. Natijada ona koʼchatzorlar tashkil etildi.

Bundan tashqari, Markazda urugʼsiz uzum navlarini DNK polimorfizmi, genetik xilma-xilligi va embrionlar rivojida turli fitogormonlarni ahamiyati va ularni genetik mexanizmini oʼrganishga qaratilgan fundamental tadqiqotlar boshlangan. Ushbu natijalar asosida urugʼsiz uzum seleksiyasida gibrid avlodlarni olishning ilmiy-asoslangan mexanizmi ishlab chiqiladi. Kelajakda eksport salohiyatini oshiruvchi yangi istiqbolli navlar xilma-xilligi koʼpaytirilib, urugʼsiz uzumning milliy brendi yaratiladi.