“Turkiston muxtoriyati milliy matbuotda” nomli kitob nashr etildi

O‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixi manbalari rukni ostida chop etilgan navbatdagi kitob “Turkiston muxtoriyati milliy matbuotda” deb nomlanadi. Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyoning g‘oyasi va muharrirligida chiqqan ushbu kitob jadid bobolarimizning milliy davlatchilikni tiklashdagi buyuk jasoratlari natijasi bo‘lmish Turkiston muxtoriyati haqida milliy matbuotda chop etilgan maqolalarni o‘zida jamlagan.

Kitobdan akademik Azamat Ziyo va tarix fanlari doktori Dilnoza Jamolovaning Turkiston muxtoriyati mavzusining milliy matbuotda yoritilishiga oid tahliliy maqolalari, Turkiston muxtoriyatining tug‘ilishi, tuzilishi, faoliyati, butun xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, sovet hokimiyatining qizil askarlar va dashnoqlarni Muxtoriyat markazi Qo‘qonga tashlashi va ommaviy qirg‘in uyushtirishi, shahar va atrof qishloqlar kulini ko‘kka sovurishi jarayonini kunma-kun yoritib borgan “Ulug‘ Turkiston”, “Najot”, “Hurriyat”, “Mehnatkashlar tovushi”, “Turon”, “Qizil O‘zbekiston” gazetalari, “Al-Isloh”, “Al-Izoh”, “Ishchilar dunyosi”, “Chayon” jurnallaridagi maqolalar, xabarlar – birlamchi yozma manbalar o‘rin olgan. 

Kitob quyidagi masalalarni o‘rganishda katta ilmiy ahamiyat kasb etadi: 
1. Muxtoriyatning tug‘ilishi jarayoni — muhit va vaziyat. 
2. Muxtoriyatning rasman tuzilishi.
3. Yetakchilari, hukumat va boshqa idoralari tarkibi.
4. Ichki kelishmovchiliklar, turli illatlar, masalan, mahalliychilik.
5. Sovet hokimiyatining asl basharasi va nayranglari.
6. Bolsheviklar va dashnoqlar tomonidan Turkiston muxtoriyatining yo‘q qilinishi va Qo‘qonning qonga botirilishi.
O‘zbek davlatchiligi tarixi, Turkiston muxtoriyati mavzusi bilan qiziquvchi barcha uchun mo‘ljallangan.