O‘zbekiston–Xitoy ilmiy hamkorligiga munosib e’tirof: Xaji Akbar Aysaga “Do‘stlik” ordeni topshirildi

Davlatimiz Rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi munosabati bilan fan, taʼlim, sog‘liqni saqlash, sport, adabiyot, madaniyat va sanʼat sohalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoni (https://president.uz/oz/lists/view/8413)ga  muvofiq Shinjon tibbiyot universiteti rektori, Xitoy Fanlar akademiyasi Shinjon fizik-kimyoviy texnika institutining akademik direktor o‘rinbosari Xaji Akbar Aysa “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan edi.

Bugun, 22-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida Xaji Akbar Aysaga mazkur yuksak mukofotni topshirishga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Fanlar akademiyasi akademiklari, ilmiy tashkilotlar rahbarlari hamda olimning shogirdlari ishtirok etdi.

Davlatimiz Rahbari nomidan “Do‘stlik” ordenini Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Shavkat Ayupov tantanali ravishda topshirdi.

 

Tadbirda so‘zga chiqqanlar Xaji Akbar Aysaning ilm-fan rivojiga, xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga, shuningdek O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik aloqalarini kengaytirishga qo‘shgan ulkan hissasini alohida ta’kidladilar.

Tadbir yakunida Xaji Akbar Aysa mazkur yuksak mukofot bilan taqdirlangani uchun Davlatimiz Rahbari Shavkat Mirziyoyevga samimiy minnatdorchilik bildirdi hamda kelgusida ham O‘zbekiston bilan ilm-fan, ta’lim va ilmiy innovatsiyalar sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safarbar etishini ta’kidladi.