O‘zbekiston va Xitoy seysmologlari qo‘shma tadqiqotlari yo‘lida muhim qadam

O‘zR FA G‘.O.Mavlonov nomidagi Seysmologiya institutida Xitoyning Zilzila administratsiyasining Geologiya instituti odimlari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi. 

Uchrashuv davomida qo‘shma loyiha istiqbollari hamda institutlar o‘rtasida aloqalarni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Muhokamalar davomida Tyan-Shan hududining faol yer yoriqlarini tadqiq qilish va kuchlangan-deformatsion xolati baholash orqali seysmik xavfini baholash borasida ilmiy tadqiqotlarni olib borishga kelishib olindi. 
Shuningdek, Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan e’lon qilingan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan xalqaro-qoʻshma ilmiy loyihalar tanloviga topshirilgan loyiha borasida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi hamda Rossiya, Xitoy va O‘zbekiston tomonidan birgalikda ushbu mavzuda ilmiy tadqiqot olib borishga kelishib olindi. Shundan so‘ng, mehmonlarga Seysmologiya instituti ilmiy xodimlari tomonidan seysmotektonika, seysmik xavfni baholash, zilzila prognozi va sun’iy intelekt borasida olingan muhim ilmiy natijalar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

Uchrashuv natijalari ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida qo‘shma memorandum imzolandi.

 

Unga ko‘ra hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borish, seminar va konferensiyalar tashkil etish hamda kadrlar almashinuvi borasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash nazarda tutilgan.

Mazkur uchrashuv natijasida imzolangan qo‘shma memorandum ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, zamonaviy ilmiy yondashuvlarni rivojlantirish va global seysmik xavfsizlikni ta'minlashda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.