Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi ANSO Boshqaruv kengashiga saylandi

Pekin shahrida boʻlib oʻtgan "Xalqaro ilmiy tashkilotlar alyansi (ANSO)"ning IV Bosh assambleyasida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi mazkur tashkilotning eng oliy boshqaruv organi — Governing Board (Boshqaruv kengashi) tarkibiga saylandi.

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining ANSO Boshqaruv kengashiga saylanishi mamlakatimiz fanining xalqaro maydondagi mavqei va nufuzli ilmiy hamkorlikdagi faol ishtirokiga berilgan yuqori bahodir. 

Bu xalqaro e'tirof Oʻzbekistonning barqaror rivojlanish, ilmiy bilim almashish va yosh tadqiqotchilarni qoʻllab-quvvatlash sohasidagi tashabbuslariga boʻlgan xalqaro ishonchni ifodalaydi.

Saylov natijalari eʼlon qilingach, Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, professor Sirojiddin Mirzayev tashkilot aʼzolariga bildirilgan ishonch uchun minnatdorlik izhor etdi va Oʻzbekiston kelgusida ham Osiyo va boshqa mintaqalarda ilmiy hamkorlikni mustahkamlash,  ilm-fanni rivojlantirish va barqaror kelajak yoʻlida ilmiy-texnologik hamjihatlikni chuqurlashtirishga hissa qoʻshishini taʼkidladi.

 

Maʼlumot o'rnida: ANSO — Alliance of International Science Organizations (Xalqaro ilmiy tashkilotlar alyansi) 2018-yilda Xitoy Fanlar akademiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan boʻlib, u Osiyo, Yevropa, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlarining 90 dan ziyod yetakchi ilmiy muassasalarini birlashtiradi. ANSO ilmiy-texnikaviy salohiyatni rivojlantirish, innovatsiyalar va ilm-fan orqali jahon hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan keng koʻlamli dasturlarni amalga oshirmoqda.