Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasining 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti Shavkat Ayupov ishtirok etdi

Boku shahrida Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasining 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Ushbu yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Shavkat Ayupov ham ishtirok etdi. Tadbirda turli davlatlardan taniqli olimlar, akademiklar, fan va ta’lim sohasining yetuk namoyandalari qatnashdilar.

Yig‘ilishni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev ochib berdi. O‘z nutqida akademiyaning mamlakat ilm-fan rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini alohida ta’kidladi.

“Akademiya bu 80 yil ichida uzoq yo‘lni bosib o‘tdi, aytish mumkinki, u Ozarbayjonda ilm-fan rivojida yetakchi rol o‘ynadi”, — dedi Ilhom Aliyev.

 

Prezident, shuningdek, Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi jamoasini, barcha olimlarni hamda butun Ozarbayjon xalqini mazkur muhim sana — akademiyaning 80 yillik yubileyi bilan tabrikladi.

 

Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Shavkat Ayupov O‘zbekiston olimlari nomidan Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasini, uning barcha a’zolari va xalqni ushbu tarixiy sana bilan samimiy muborakbod etdi.

U o‘z tabrigida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik yildan-yilga mustahkamlanib borayotganini, bu aloqalar ikki xalqning do‘stlik va birodarlik rishtalariga asoslanganini ta’kidladi. Shavkat Ayupov, shuningdek, kelgusida ham qo‘shma ilmiy loyihalar, tadqiqotlar va akademik almashinuv dasturlari yanada rivojlanishiga ishonch bildirdi.

 

Tadbirda Shavkat Ayupovga Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasining 80 yilligi ko‘krak nishoni topshirildi. Bu ikki davlat ilmiy aloqalarining yuksak qadrlanishining ramzidir.

 

Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasining 80 yilligida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti Shavkat Ayupovning ishtiroki ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik va do‘stona aloqalarning yanada mustahkamlanayotganidan dalolat beradi. Ushbu tadbir Ozarbayjon ilm-fanining yuksak salohiyatini va xalqaro miqyosdagi nufuzini yana bir bor namoyon etdi.