Markaziy Osiyo faunasi yana 7 yangi tur bilan boyidi

Markaziy Osiyo hududi o‘zining noyob tabiiy sharoiti va boy biologik xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Ayniqsa, hasharotlar dunyosi, jumladan qattiq qanotlilar (Coleoptera) turkumi vakillari mintaqa ekotizimlarida muhim o‘rin egallaydi. Ular tuproq unumdorligini saqlash, organik qoldiqlarni parchalanishi hamda oziq zanjirining barqarorligini ta’minlashda katta ahamiyatga ega.
O‘zbek (Xorazm Ma’mun akademiyasi, Urganch davlat pedagogika instituti, Urganch davlat universiteti) va rus olimlar tomonidan qattiq qanotlilar turkumiga mansub Dailognatha urug‘i butun Markaziy Osiyo hududi bo‘yicha tahlil qilindi va 7 ta fan uchun yangi tur aniqlandi. Unga ko‘ra fan uchun yangi turlar O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston, Turkmaniston va Qozog‘iston hududlarida uchragan.

Ilmiy tadqiqot natijalari xalqaro nufuzli Annales de la Société entomologique de France (https://www.tandfonline.com/doi/full/10.1080/00379271.2026.2616476) jurnalida e’lon qilindi.

Qo‘ng‘izlar yoki qattiq qanotlilar - hasharotlar ichida eng yirik turkum bo‘lib yer yuzining deyarli barcha mintaqalarida uchraydi va tabiatda eng muhim organizmlardan hisoblanadi.
Ularning xilma-xilligi yuqori bo‘lib, ular orasida tabiat va inson hayoti uchun foydali, ekinlar uchun zararkunanda va yo‘qolib ketish arafasida turgan kamyob turlari ham mavjud. 
Aniqlangan yangi turlarga quyidagicha nomlar berilgan:
1. Dailognatha asperipunctata
2. Dailognatha angrena
3. Dailognatha kaltaevi
4. Dailognatha peropaca
5. Dailognatha sogdiana
6. Dailognatha similata
7. Dailognatha skopini

Bu turlar “Tenebrionidae” oilasiga mansub bo‘lib asosan toshloq tuproqli, tog‘ va adirlarda tarqalgan. Dailognatha urug‘i shu vaqtgacha dunyo faunasida 21 ta turdan iborat edi, endi bu ko‘rsatgich 7 taga ortdi.