“Fizika-2021” Forumi oʼtkazildi

Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tomonidan 2021-yilning 26-noyabr kuni “Fizika-2021” Forumi oʼtkazildi. Ushbu Forum Oʼzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligi hamda Davlatimiz Rahbarining “Fizika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qaroriga muvofiq tashkil etildi.

  

Forum kun tartibida Oʼzbekistonda yadroviy tadqiqotlar va texnologiyalarning hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari, Oʼzbekistondagi zamonaviy energetika muammolari, fizika oʼqitishning zamonaviy metodlari, Oʼzbekistonda astronomik tadqiqotlarning hozirgi holati va istiqbollari, mexanikaning rivojlanish istiqbollari va uning ishlab chiqarish va qurilish tarmoqlarida qoʼllanilishi, Quyosh energiyasi, kimyo sanoati va elektronikada plazma texnologiyalarining potentsial qoʼllanilishi, zilzilani tadqiq qilish, oqibatlarini bashorat qilish va ularni kamaytirish choralarini rejalashtirishda fizikaning oʼrni va ahamiyati, yangi materiallarni ishlab chiqishda yutuqlar va istiqbolli tadqiqotlar kabi mavzularda maʼruzalar tinglandi va muhokama qilindi.

Forumda respulikamiz oliy taʼlim muassasalari – Oʼzbekiston Milliy universiteti, OʼzMU qoshidagi Yarimoʼtkazgichlar fizikasi va mikroelektronika ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent davlat texnika universiteti, Аndijon, Namangan, Samarqand, Termiz, Urganch davlat universitetilari, Fargʼona politexnika instituti, MIFI Toshkent filiali professor-oʼqituvchilari, yetakchi olimlar, shuningdek, “Uzatom” agentligi, Energetika vazirligi, “Foton”, “Fonon” ishlab chiqarish birlashmalari vakillari offlayn va onlayn ishtirok etishdi.

Forumning oʼtkazilishi fizika sohasida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar natijalari, yechimini kutayotgan muammolar, kelgusidagi istiqbolli rejalarni oʼzaro muhokama qilish imkonini beradi.