“Alpomish”dan “Manas”gacha – turkiy xalqlar qahramonlik eposlari ilk jildda

YUNESCOning Samarqanddagi 43-sessiya doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi va taklifi bilan Turkiy madaniyat va merosi fondi  tomonidan Baku shahrida chop etilayotgan “Turkiy xalqlar folklori ko‘p jildligi”ning ilk jildi nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda YUNESCO, Turkiy davlatlar tashkiloti  hamda  madaniyat, san’at xodimlari, olimlar, OAV vakillari ishtirok etishdi. 

 

 

“Turkiy xalqlar folklori ko‘p jildligi”ning dastlabki jildidan ozarbayjon, qozoq, qirg‘iz, turk va o‘zbek xalqlarining eng yorqin qahramonlik dostonlari, jumladan, "Kitabi-Dada Qo‘rqud", "Go‘ro‘g‘li", "Alpomish", "Qobilandi botir", "Qambar botir", "Edige", "Er Sayin", "Er Targ‘in", "Qirimning qiriq botiri", "Manas", "Rustamxon", "Murodxon" kabi  dostonlar joy olgan. Ma'lumki, turkiy xalqlarning qahramonlik dostonlari shunchaki badiiy so‘z san'ati namunasigina emas, balki turkiy xalqlar hayoti aks etgan badiiy tarixdir. 
“O‘zbek qahramonlik eposi” jildidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tabrigi joy olgan. Mazkur tabrikda ushbu loyihaning ko‘lami va qahramonlik dostonlarining umumfolkloriy merosda tutgan o‘rni va ahamiyati ochib berilgan. Dastlabki jilddan o‘rin olgan “Alpomish”, “Rustamxon”, “Murodxon” kabi dostonlar olis zamonlardan to bugungi kungacha baxshilarimiz tomonidan sevib kuylanib kelinmoqda. Bu doston namunalarini ijro etuvchi baxshilarimizning san'ati YUNSECOning nomoddiy madaniy meros reprezentativ ro‘yxatidan joy olgani yanada quvonarlidir. Turkiy xalqlar folklorining keyingi jildlarida folklorning barcha janrlariga o‘rin berilishi ko‘zda tutilgan. Bu namunalar eng sara, eng mukammal namunalar ekanligi bilan alohida ahamiyatga ega.

Loyiha turkiy dunyoning eng yetakchi folklorshunos olimlari, soha mutaxassislari   tomonidan nashrga tayyorlangan.

Ushbu ulkan loyiha turkiy dunyo xalqlarining an’analari, san’ati va ma’naviy qadriyatlarining boyligi va xilma-xilligini aks ettiruvchi badiiy so‘z san'ati namunalari bo‘lib, YUNESCO bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘lida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.