O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi direktori, professor F.Maksudovning olimlar jamosi bilan olib borgan tadqiqot natijalari PNAS jurnalida eʼlon qilindi. (https://www.pnas.org/doi/abs/10.1073/pnas.2424093122).
Ushbu izlanishlar Markaziy Osiyo tarixida yangi sahifa ochdi. Olimlar tomonidan bir necha yillar ilgari Surxondaryo vodiysidagi To'da-1 g‘orida olib borilgan qazishmalar natijasida 9 ming yil avvalgi arpa qoldiqlari, o‘roq pichoqlar va tosh yorg‘uchoqlar aniqlandi.
Olimlar orasida dehqonchilikning kelib chiqishi haqidagi qarashlar inson va o‘simliklar o‘rtasidagi munosabatlar zanjiri orqali asta-sekin shakllangan jarayon sifatida izohlanmoqda. Bu yondashuv dehqonchilik birdaniga yuzaga kelgan degan qarashlardan farq qiladi. Shunga qaramay, olimlar hanuzgacha insoniyat qachondan giyoh urug‘lari (masalan, don ekinlari)ni terib yeya boshlagani, o‘roqdan faol foydalangani, dastlab odamlar tomonidan o‘simliklarning tanlanishi hamda ilk marta donli o‘simliklar yetishtirish belgilarining to‘liq shakllanishi ro‘y bergani borasida bahslashmoqda.
Mazkur tadqiqotda olimlar O‘zbekistonning janubiy hududida joylashgan To'da-1 g‘oridan 9 ming oldingi davrga to‘g‘ri keluvchi arxeobotanik va arxeologik (tosh qurollar) topilmalar asosida ilk termachilik bilan shug'ullangan qadimgi ovchilar haqidagi ma’lumotlarni taqdim etmoqda. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, ilk golotsen davrida odamlar nafaqat yong‘oq va mevalar iste'moli, balki donlarni ham yig‘ib, ularni qayta ishlaganlar.
Mazkur topilmalar dehqonchilikdan avval shakllangan termachilarning ilk golotsen davrida keng hududlarni qamrab olganligini va dehqonchilikka olib kelgan madaniy jarayonlarni yanada chuqurroq tushunishga yordam beradi.
Ma’lumot o‘rnida: PNAS – dunyo olimlarining yetakchi minbari hisoblangan nufuzli jurnaldir.
PNAS (Proceedings of the National Academy of Sciences) – bugun dunyoda eng ko‘p iqtibos qilinadigan va eng nufuzli ko‘ptarmoqli ilmiy jurnal. U AQSH Milliy fanlar akademiyasining (NAS) rasmiy va yuqori taqrizdan o‘tgan jurnali bo‘lib, zamonaviy ilm-fanning eng muhim va yuqori taʼsir kuchiga ega tadqiqotlarini nashr etadi. Unda biologiya, fizika va ijtimoiy fanlardan tortib, turli sohalardagi ilg‘or tadqiqot natijalari e’lon qilinadi.
Har yili 3,500 dan ortiq maqolalar nashr etuvchi jurnal, endilikda 18 mingdan ziyod tadqiqotchilardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri maqolalarni qabul qilmoqda.